Kattaqo‘rg‘on shahri va Urgut tumanidagi COVID-markazlar yopildi

Xabaringiz bor, Samarqandda koronavirusga chalingan bemorlarni barcha shart-sharoitga ega bo‘lgan muassasada davolash, parvarishlash uchun avval Samarqand shahrida Taqsimlash markazi tashkil etilgan edi.

O‘tgan oylar davomida bemorlar soni oshib borgani sari viloyat hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida xuddi shunday markazlar hududlararo - Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Urgut tumanlarida ham tashkil etildi.

Ushbu shahar va tumanlarda tashkil etilgan 200 hamda 500 o‘rinli taqsimlash va davolash markazlarida ham minglab bemorlar ushbu virusdan davolanib, sog‘lig‘ini mustahkamlab oldi. Ayni paytda kasallik aniqlanishi pasaygan shu kunlarda ushbu taqsimlash markaziga keluvchi bemorlar soni ham keskin kamaydi. Shu munosabat bilan Kattaqo‘rg‘on shahri va Urgut tumanidagi koronavirusni aniqlash va davolash uchun mo‘ljallangan markazlar o‘z faoliyatini to‘xtatdi, deya xabar bermoqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari.

Ayni paytda Samarqand shahrida joylashgan taqsimlash markazida ham bemorlar soni keskin kamaygan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 200 nafardan ziyod virusga gumon qilingan bemorlar davolanmoqda.