Urgutda 500, Kattaqo‘rg‘onda 200, Samarqand shahrida yana 500 o‘rinli taqsimlash markazi tashkil etiladi

Respublika maxsus komissiyasining iyul-avgust oylarida joriy qilingan karantin cheklovlari natijasida hozirgi kunda viloyatimizda koronavirus bilan kasallanish ancha kamayganligi sezildi. Natijada, 3 ta shifoxonamiz koronavirus bilan kasallangan bemorlarni qabul qilishni to‘xtatib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kasallarni qabul qilishni boshladi.

Samarqand shahridagi olimpiya zaxiralari sport majmuasida tashkil qilingan 1 080 o‘rinli taqsimlash markazi bugungi kunda bemorlarga samarali xizmat ko‘rsatmoqda.

Ushbu taqsimlash markazida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida yaratilgan sharoitlar chet ellik hamda respublikamiz mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarimiz tomonidan shifoxonalardagi sharoitlardan ko‘ngli to‘lmayotgan holatlar kuzatilayotgan bo‘lsa, hozirgi kunda taqsimlash markazidagi sharoitlardan minnatdorlik ruhidagi fikrlar bildirilmoqda.

Yaqin kunlarda Urgut tumani 500, Kattaqo‘rg‘on shahrida 200 va Samarqand shahrida 500 o‘rinli taqsimlash markazini tashkil qilib, barcha zarur jihozlar bilan ta’minlab ishga tushirish rejalashtirilgan.

Natijada viloyatimizdagi barcha shifoxonalarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatini davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Davronbek Jumaniyozov,

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.