Samarqanddagi davolash va taqsimlash markazi yana ish boshladi
Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni markazlashgan holda davolash, ularga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Samarqand shahridagi sport majmuasida o‘tgan yil avgust oyida tashkil etilgan va kasallanish ko‘rsatkichlari kamayishi bilan yopilgan 1000 o‘rinli davolash va taqsimlash markazi yana ish boshladi.
– Shu paytgacha COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bemorlar Samarqand shahridagi 340 o‘rinli ikkita maxsus shifoxonada davolanayotgan edi, – deydi davolash va taqsimlash markazi rahbari, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Ammo bugungi kunda kasallikka chalinish holatlari ko‘payayotgani sababli markazni qayta ochishga to‘g‘ri keldi. Bu yerda viloyatimizning turli hududlaridan keltirilayotgan bemorlarni davolash uchun barcha zarur tibbiy jihozlar mavjud, dori vositalari zaxirasi yaratilgan. Hozirda 100 nafarga yaqin malakali tibbiyot xodimlari markazda ishlashga jalb qilingan.
Ko‘p ta’kidlanayotganidek, kasallik belgilari va asoratlari bir xil emas, o‘zgarib turibdi. Ayni paytda koronavirus yuqtirgan bemorlarda asosan, holsizlik, bo‘g‘imlar og‘rig‘i, diareya kuzatilmoqda. O‘tgan yil bemorlarda dastlabki bosqichda o‘pkada zararlanish kuzatilgan bo‘lsa, hozir kasallikning besh-oltinchi kunidan bu xavf yuzaga kelyapti. Shu sababli aholidan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishlari hamda kasallikka qarshi emlash jarayonlarida faol ishtirok etishlarini so‘raymiz. Salomatligimizni asrash o‘zimizga bog‘liq – tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, sog‘lom turmush tarziga amal qilsak kasallik bizdan yiroq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda viloyatda 18 yoshdan oshgan aholini ommaviy emlash tadbirlari olib borilmoqda.