Kattaqo‘rg‘on shahrida kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi tashkil etiladi

Viloyat hokimining 2020 yil 12 dekabrdagi 197-Q-sonli qaroriga asosan, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi tashkil etiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarni o‘qitish va bilimini baholashning zamonaviy uslublari joriy etiladi. Jumladan, raqamli o‘quv vositalari va masofaviy ta’lim shakli keng qo‘llaniladi. Shuningdek, o‘quvchilar kimyo va biologiya fanlaridan chuqur o‘qitiladi.

Qarorga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan sinflarga o‘quvchilar qabul qilinadi. Unga qadar ixtisoslashtirilgan maktabning bino va inshootlari uning faoliyatiga moslashtirib ta’mirlanadi, jihozlanadi. Maktabga malakali va iqtidorli kadrlar ishga olinadi.

Xurshida ERNAZAROVA.