Kattaqo‘rg‘on va Ishtixondagi maktablarning xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarligi qoniqarsiz

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda umumta’lim muassasalarida Xalqaro baholash dasturlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, professional ta’lim muassasalaridagi yangi o‘quv yiliga hozirlik jarayonlarini ko‘zdan kechirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlarida o‘rganish ishlari olib borildi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov, bosh mutaxassis Zafar To‘rayev, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Hojiqulov, shuningdek, shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirokida muassasalardagi holat o‘rganildi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi 18 ta maktabning Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rishi bo‘yicha shahardagi 3-umumta’lim maktabi tayanch maktab hisoblanadi. O‘rganish davomida maktab va shahar xalq ta’limi bo‘limi hamkorlikda ayrim vazifalar amalga oshirilmagani aniqlandi. Masalan, karantin davrida tayanch maktab tomonidan o‘qituvchilar ishtirokida mavjud holatdan kelib chiqqan holda onlayn seminarlar tashkil etilmagan. Tayanch maktabda aniqlangan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2- va 17-umumta’lim maktablarida esa ushbu holatning tamoman aksini kuzatish mumkin. Aniqrog‘i, Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ushbu maktablarda tajriba to‘plangan. Bu borada qo‘yilgan talablar mas’ul rahbarlar tomonidan mohiyatan anglanib, nufuzli sinovga munosib hozirlik ko‘rilgan. Masalan, maxsus burchak tashkil etilgan, biriktirilgan maktablar bilan doimiy hamkorlik o‘rnatilgan. O‘qituvchilarning malaka toifalari bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilib, o‘quvchilarning o‘qish, tabiiy va matematik savodxonligini oshirish bo‘yicha malakali o‘qituvchilarning tajribasi ommalashtirilmoqda.

Ishtixon tumanidagi har biriga qirqdan ortiq maktablar biriktirilgan 1- va 33-tayanch umumta’lim maktablarida bu boradagi muhim vazifalarning bajarilishi qoniqarsiz deb topildi.

G‘.Boboxolov tayanch maktablarda aniqlangan kamchiliklar, ayni paytga qadar amalga oshirilmagan ishlar yuzasidan maktab direktorlariga topshiriqlar berdi. Har bir fan bo‘yicha o‘qituvchilarga metodik tavsiyalar joylashtirib boriladigan alohida telegram guruhlarini shakllantirish, bugungi karantin davrida sanitar-gigiyenik qoidalarga qat’iy amal qilgan holda onlayn seminarlar o‘tkazish, to‘plangan tajribalarni har bir ta’lim muassasasida ommalashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti huzuridagi Kattaqo‘rg‘on iqtisodiyot texnikumiga yangi o‘quv yilidan 900 nafar o‘quvchi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu bo‘yicha zarur targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Biroq institut va texnikum o‘rtasida tuziladigan yo‘l xaritasi, zarur chora-tadbirlar masalasida kamchiliklar ko‘zga tashlandi.

Kattaqo‘rg‘on tumani 1-son, Ishtixon tumanidagi 2-son kasb-hunar maktablariga 7 yo‘nalish bo‘yicha 210 nafardan o‘quvchi qabul qilish rejalashtirilgan. Ushbu maktablarda ham yangi o‘quv yiliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishildi. Ustaxonalar, o‘quvchilarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, aniq tavsiyalar berildi.

Darhaqiqat, bugun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda Oqdaryo va Nurobod tumanlaridagi ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganilmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.