Kattaqo‘rg‘onda fermerning paxta va g‘alla yetishtirish uchun elektr energiyaga sarflagan xarajatlari byudjetdan qoplanmadi

6 xonali sondan iborat summadagi muammo adliya idoralari aralashuvi bilan hal etildi.

Joriy yilning iyun oyida Adliya vazirligi tomonidan fermer xo‘jaliklarining huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyati davomida eng ko‘p uchraydigan muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida “Fermerga madad” aksiyasiga start berilgandi.

Aksiya doirasida respublikaning butun hududi, shu jumladan viloyatimizda ham adliya organlari tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilib, fermer xo‘jaliklarining manfaatlari himoya qilinmoqda.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan “Erk” fermer xo‘jaligi raisi K.Nazarov tomonidan qilingan murojaatga ko‘ra, unga 2020 yil paxta va g‘alla hosilini yetishtirish uchun sarf qilingan 46 million 692 ming so‘m va 2021 yil yil uchun 17 million 10 ming so‘m elektr energiyasi xarajatlari byudjet hisobidan qoplab berilmagan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaligi raisi K.Nazarovning mazkur arizasi o‘rganilganda, haqiqatan ham fermer xo‘jaligi tomonidan sarf qilingan elektr energiyasi xarajatlari uchun kompensatsiya pullari to‘lab berilmagan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan fermer xo‘jaliklariga nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining elektr energiyasi iste’moli uchun ketgan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish orqali qoplanishi belgilangan.

Yuqoridagilarga asosan Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi tomonidantuman moliya bo‘limiga taqdimnoma kiritildi.

Natijada taqdimnomaga asosan “Erk” fermer xo‘jaligiga paxta va g‘alla hosilini yetishtirish uchun sarf qilingan elektr energiyasi xarajatlari to‘liq qoplab berildi.

O‘tkir Hakimov,
Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.