Kattaqo‘rg‘onda o‘quvchilar yasagan buyumlar 10 million so‘mga sotildi
Rivojlangan davlatlarda shunday. Turli aksiyalar, marafonlar o‘tkazilishi ortidan ehtiyojmand yoki imkoniyati cheklangan insonlarga yordam ko‘rsatiladi. Deylik, hunarmandlar o‘z qo‘llari bilan yasagan buyumlarni sotishdan oldin bu xayriya ekanini e’lon qiladi va aholi hech ikkilanmasdan narsa sotib olish barobarida ushbu mablag‘i xayriyaga sarflanayotganini bilgan holda bozor narxidan qimmatroq bo‘lsa-da, o‘sha narsani sotib olishga harakat qiladi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazilgan shu kabi xayriya tadbiri nafaqat imkoniyati cheklangan bolalarga yordam, balki sog‘lom bolalarning bu masalaga qarashlarini o‘zgartirish bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur xayriya tadbirida shahardagi barcha maktablarda, maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi to‘garaklarda, “Barkamol avlod” markazida hunar o‘rganayotgan o‘quvchi-yoshlar qo‘l mehnatlari bilan yaratilgan turli xildagi mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirga tashrif buyurgan shahar hokimligi, tashkilotlar vakillari o‘quvchilar tomonidan yasalgan o‘yinchoqlar, to‘quv va tikuvchilik buyumlari, shirinliklardan iborat turli mahsulotlarni xarid qildilar va shu yerning o‘zida tadbirda ishtirok etayotgan bolajonlarga ularni sovg‘a qildilar.
Yana ushbu tadbir bolajonlarni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlarning bir-birlariga nisbatan mehr-muhabbat, o‘zaro do‘stlik hislarini shakllantirishga yo‘naltirilganligi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
- Bugun men tengdoshlarim bilan yarmarkada o‘zim to‘qigan bolalar oyoq kiyimlari, savatchalar, sumkalarni olib keldim va ularni tadbir davomida sotdim,- deydi tadbir ishtirokchilaridan Madina Xolboyeva. - Bu menga kelgusida yana ko‘plab mana shunday buyumlarni yasashga turtki berdi. Yana shundan quvondimki bugun men sotgan buyumlarimni pulini o‘zim tengi bo‘lgan, lekin sog‘ligi tufayli maktabda biz kabi o‘qiy olmaydigan, yordamga muhtoj bo‘lgan tengdoshlarimizga sovg‘a oldik.
Shu kuni xayriya yarmarkasi davomida yig‘ilgan 10 million so‘mga yaqin mablag‘ ijtimoiy yordamga muhtoj, sog‘ligida nuqsoni bo‘lgan bolajonlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga sarf qilindi. Ya’ni, 33 nafar yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar hamda 15 nafar chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun sovg‘alar tashkil qilinib, ularning holidan xabar olindi.