Kattaqo‘rg‘ondagi abgor yo‘llar, kanalga oqayotgan oqovalarga mutasaddilar e’tibor qaratishi uzoq yillardan buyon savol ostida qolmoqda

Abdulla Qahhor mahallasi Kattaqo‘rg‘on shahar Ingichka qo‘rg‘onining janubiy – sharq tomonida joylashgan. Mahallada 1500 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Keyingi yillarda mahalladagi asosiy ko‘chaga asfalt yotqizilib, tungi chiroqlar o‘rnatildi. Mahalla binosi ta’mirlanib, ko‘p qavatli uylar yonida bolalar o‘yingohi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 12- va 17-uylar to‘liq ta’mirdan chiqarildi, 17-uydagi 40 ta xonadon kambag‘al va ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga berildi.

Mahallada yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Yangi suv tarmog‘i tortilib, ko‘p qavatli uylar oldigacha olib kelindi. Lekin 12-, 13-, 17- va 20-ko‘p qavatli uylarga tortilmasdan chala qolib ketdi. Xuddi shunday ahvolni 1- va 2-o‘tar ko‘chalarda ham ko‘rish mumkin - yangi suv tarmog‘i ko‘cha boshigacha olib kelingach, ishlar to‘xtadi.

Bundan tashqari, mahallada kanalizatsiya tarmog‘i yo‘q. Aslida bu muammo mustaqillikning dastlabki yillarida boshlangan. Negaki, 1990-1995 yillarda tarmoqqa xizmat ko‘rsatish butunlay to‘xtatildi.

To‘g‘ri, muammoni hal etish maqsadida ko‘p qavatli uylar yonida oqova suvlar uchun maxsus usti yopiq yig‘indi xonalar qurildi. Ammo 1-, 11-, 13- va 20-ko‘p qavatli uylar uchun bunday inshoot qurilmaganligi sababli oqova suvlar mahalla hududidan o‘tuvchi soyga tashlanadi. Kunlar isisa, bu yerdagi qo‘lansa hidga chidab bo‘lmaydi.

Keyingi asosiy muammo bu hududdagi ichki yo‘llarning ahvoli bilan bog‘liq. Chunki Abdulla Qahhor 1- va 2-o‘tar ko‘chalari tuproq yo‘llar. Yilning yog‘in-sochin vaqtlarida bu yo‘llardan yurish og‘ir masala. Ko‘cha hisoblanuvchi yo‘llar atrofi yangi qurilgan uylardan iborat.

Qizig‘i shundaki, yangi qurilgan uylar foydalanishga topshirilgan-u tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan. Masala yuzasidan tuman va viloyat tashkilotlariga bir necha marta qilingan murojaatlar natijasiz qolmoqda. Shuningdek, vaqtincha o‘rnatilgan simyog‘ochlar tungi chiroqlar o‘rnatilishini kutayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Darvoqe, mahalla hududidagi uchta uy, ayniqsa 18- va 19-ko‘p qavatli uylar avariya holatida. Shahar hokimligi ushbu imoratlar masalasida bir qarorga kelsa yaxshi bo‘lar edi.

E.Xushboqov,

xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputati.