Kattaqo‘rg‘ondagi madaniy meros ob’yektlari qachon ta’mirlanadi?

Kattaqo‘rg‘on shahrida XIX-XX asrlarga tegishli 23 ta arxitektura madaniy meros ob’yekti bo‘lib, 15 tasining holati qoniqarsiz, 8 tasi esa avariya holatida.

Jumladan, Mehrjon mahallasidagi XIX asr oxiri XX asr boshlarida qurilgan “Kichik Arabxona” masjidi muhofazaga muhtoj.

- Oldin bu joy masjid bo‘lgan, keyinchalik undan omborxona va savdo do‘koni sifatida foydalanilgan, - deydi shu mahallada yashovchi Abdulla Jo‘rayev. – 1993-1994 yillarda bino qisman ta’mirlangach, bu yerdan yana masjid sifatida foydalandik. Ammo keyingi 10-15 yilda obida xarobaga aylandi. To‘rt yil oldin respublikadan kelgan ishchi guruh binoni o‘rganib, ta’mirlash choralari ko‘rilishini aytgan edi, lekin natija bo‘lmadi.

Zarifobod mahallasidagi Kattaqo‘rg‘on shahar tarixiy o‘lkashunoslik muzeyi ham kapital ta’mirga muhtoj. Muzey direktori Dilobar Toirovaning aytishicha, ushbu muzey 1974 yil oktyabr oyida jamoatchilik asosida Muhammad Aminxo‘ja Naqibbek tomonidan 1804 yilda qurilgan madrasa binosida tashkil etilgan. 1976 yil may oyida to‘rtinchi toifadagi shahar tarixiy o‘lkashunoslik davlat muzeyiga aylantirilib, 1980 yilda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufiga kiritilgan. 1992 yil boshida bino Movarounnahr diniy bosh boshqarmasi tasarrufiga olingach, jome masjidiga aylantirilgan va o‘sha yili tarixiy o‘lkashunoslik muzeyi shaharning O‘zbekiston ko‘chasi 105-uy manziliga  ko‘chirilgan. Ayni paytda muzeyda 6161 ta eksponat bo‘lib, asosiy fondda 3841 ta, yordamchi fondda esa 2320 ta ashyo bor va 262 ta eksponat ekspozitsiya zallariga qo‘yilgan.

Muzeyga kirar ekanmiz, ekspozitsiya xonalari va zallarining aksariyatida elektr yo‘qligi, isitish tizimiga ulanmagani va xonalardagi pollarning chiriganiga guvoh bo‘ldik. Binoning fasadi va tom qismi ham ta’mirtalab holatda.

Shaharning Ochildimurod Miriy mahallasidagi “Qalandarxona” masjidini ta’mirlash-tiklash ishlari uchun esa 950 million so‘m mablag‘ ajratilgan, biroq ishlar to‘xtab qolgan. Shahardagi ikkita madaniy meros ob’yekti X.Qurbon mahallasi hududidagi Yangi masjid va  Ko‘chasixur mahallasidagi XX asrda qurilgan 8-umumta’lim maktabi binosi (avvalgi tibbiyot bilim yurti) avariya holatida va binolarni qayta tiklash imkoni bo‘lmagani bois moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha Madaniy meros agentligiga taklif berilgan.

Ayni paytda shahardagi “Sarimozor guzar”, “Muhammad Naqibbek”, “Tegirmonboshi” masjidlari, Eshon mozor maqbarasi va Arabxona mahallasidagi fuqarolik inshooti ham yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.