Kattaqo‘rg‘onlik deputatlar gaz va elektr ta’minoti korxonalari mutasaddilari bilan sohadagi muammolarni muhokama qildi
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalari vakillari, deputatlar hamda keng jamoatchilik orqali aholining keng qatlamiga yetkazib borish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida matbuot anjumanlari tashkil etila boshlandi.
Tuman hokimligida o‘tkazilgan dastlabki anjuman tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimligi axborot xizmati va “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi tahririyati vakillari hamkorligida tashkil etildi.
Shuningdek, aholidan kelib tushgan murojaatlar salmog‘iga qarab, bu galgi uchrashuvga tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Farhod Pirmatov va tuman gaz ta’minoti korxonasi yetakchi mutaxassisi Bekzod Normurodovlar taklif etildi.
Oshkora va ishchanlik ruhida kechgan anjumanda joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida deputatlarga saylovchilar tomonidan kelib tushgan murojaatlar, yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilindi. Deputatlar tomonidan berilgan savollarga ikkala korxona mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Ochiq muloqot mazmuni xalqni qiynab kelayotgan elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish, elektr uzatish liniyalaridagi nosozliklarga qaratildi. O‘rnatilayotgan yangi rusumdagi elektron hisoblagichlarning sababsiz ishlamay qolayotgani bilan bog‘liq masalalarni bartaraf etish choralari izlandi.
Tuman aholisiga tabiiy gaz va suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berishdagi muammolar yuzasidan ham shunday masalalar o‘rtaga tashlandi. Deputatlar va soha mutaxassislari yaqin vaqtlarda gaz ballonlarni onlayn tizim asosida yetkazib berishga o‘tish, har bir ballonga maxsus zamonaviy qurilmalar o‘rnatish bo‘yicha takliflarni ilgari surishdi.
Shuningdek, anjuman qatnashchilariga gaz yetkazib berish tizimida 1 apreldan boshlab joriy etilayotgan yangi tizim to‘g‘risida tushunchalar berildi. Bu tizimning joriy etilishi tuman aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi mavjud muammolarni bartaraf etishga imkon beradi.
Uchrashuv so‘nggida qatnashchilar bu kabi anjumanlar davom ettirib, navbatdagi uchrashuvga tuman maktabgacha ta’lim hamda sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlari taklif etilishi belgilandi. Shuningdek, kelasi haftada tumandagi Burgansoy mahallasi hududida tashkil etiladigan ko‘chat ekish tadbirida ommaviy tarzda ishtirok etish istagini bildirishdi.
G‘afur QARShIYeV,
“Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi muxbiri.