Kecha va bugun: Ta’lim krediti olishdagi 8 farq
Keyingi yillarda oliy ta’limga qabul kvotasi uch barobar oshirilib, yoshlarning umumiy qamrovi 28 foizga yetkazildi. To‘rt yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Oliy ta’lim tashkilotlariga davlat grantlari bilan birgalikda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilayotgan talabalar soni va shunga mos ravishda ta’lim kreditlariga talab ham keskin ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha (davlat, nodavlat, Respublika hududidagi xorijiy) oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun talabalarga qulay sharoitlar yaratish, yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’lim krediti ajratishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18 avgustdagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan tijorat banklari orqali oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlanib, Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida” 318-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotdi.
Joriy yilning 17 sentyabriga qadar yangi tartib asosida viloyatdagi tijorat banklari filiallari tomonidan 16 nafar talabalarga 235 mln. so‘m kredit ajratildi.
Avval ham ta’lim krediti ajratish tizimi mavjud edi, misol uchun, 2020-2021 o‘quv yilida viloyatdagi bank filiallari tomonidan 461 nafar talabaga 4 667 million so‘m ta’lim krediti ajratilgan. Bugungi kunda viloyat bank tizimidagi ta’lim kreditlari qoldig‘i 4 331 ta kredit bo‘yicha 16 594 million so‘mni tashkil etmoqda.
Shu o‘rinda “Joriy etiladigan yangi tizimning shu vaqtga qadar amalda bo‘lgan ta’limni kreditlash tizimidan qanday farqlari mavjud?”, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.
Mazkur savolga quyida javob berishga harakat qilamiz.
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
1-farq: Tijorat banklariga kredit ajratish uchun manba, uning hajmi, narxi va muddati |
|
Ko‘zda tutilmagan |
Moliya vazirligining yuqorida keltirilgan qaror asosida tashkil etilgan Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga: - 2021 yilda kamida 1 trillion so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib, - Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past bo‘lgan stavkada, - 15 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga resurslar joylashtiriladi. |
Ya’ni, ta’lim krediti uzoq muddatli hamda jalb qilinadigan kredit resurslari uchun to‘lanadigan foiz xarajatlarini inobatga olganda past foiz stavkada bo‘lganligi hamda banklar uchun foydali bo‘lmaganligi uchun tijorat banklari ushbu kreditni ajratishdan iqtisodiy jihatdan manfaatdor bo‘lmagan. Bu esa talabalar tomonidan ta’lim kreditlaridan foydalanishda qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Ajratilgan kreditlar ham ko‘proq ma’muriy ta’sir hisobiga bo‘lgan.
Buni bugungi kunda viloyatda jami ta’lim kreditlari qoldig‘ining 83 foizi 18 ta banklarning 6 tasi (barchasi davlat ulushi mavjud banklar) hissasiga to‘g‘ri kelishida ham ko‘rish mumkin.
Yuqorida keltirilgan qaror ijrosiga ko‘ra, mazkur holat o‘zining iqtisodiy yechimini topdi, ya’ni tijorat banklari jamg‘armadan olingan 10 foizli resurslarni 4 foiz bank marjasini qo‘shgan holda 14 foizli kredit qilib ajratadi.
Ya’ni, endilikda 4 foizlik marja tijorat bank filialini ko‘proq ta’lim krediti ajratishiga iqtisodiy turtki beradi.
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
2-farq: Kredit ajratish muddati |
|
Bakalavriat talabalariga 10 yilgacha, magistraturaga talabalariga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga |
Talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatga. |
Ya’ni, talabalarning o‘qish davridagi farq (misol uchun tibbiyot ta’lim muassasalari bakalavri 6 yil)dan qat’i nazar kreditning asosiy qarzini to‘lashda barcha talabalar uchun teng sharoit yaratildi. Talabalik davrida kredit foizi to‘lab boriladi, o‘qishni bitirgach, 7 oy ichida ishga joylashib, yoki o‘zini-o‘zi band qilib daromad manbaiga ega bo‘lgachgina kreditni to‘lash uchun o‘z imkoniga ega bo‘ladi.
Avvalgi tartib bo‘yicha 10 yilgacha so‘zidagi “gacha” qo‘shimchasiga e’tibor qaratgan holda qisqaroq muddatga kredit ajratilgan holatlarda talabalik davri tugamasdanoq asosiy qarzni to‘lashga to‘g‘ri kelgan.
Misol uchun, viloyatimizdagi tijorat banklari tomonidan keyingi 2 o‘quv yili, ya’ni 2019-2020,
2020-2021 o‘quv yillari uchun 1 027 nafar talabaga 9 884 mln. so‘m ta’lim kreditlari ajratilgan bo‘lsa, shundan 58 foizi ya’ni 5 707 mln. so‘m (650 nafar talabaga) ta’lim kreditlari 3 yil va undan qisqa muddatga berilgan, atigi 8 foiz ya’ni 766 mln. so‘m (66 nafar talabaga) kredit 5 yil va undan ortiq muddatga ajratilgan.
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
3-farq: Kreditning yillik foiz stavkasi |
|
2020 yil 1 yanvargacha Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchi foiz stavkalarida. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 dekabrdagi PF-5893-son Farmoniga asosan 2020 yil 1 yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor stavkalarida. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi 132-son qaroriga asosan bozor stavkalarida. |
Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi). Hozirda 14 foiz. |
2020 yil 1 yanvardan keyin 624 nafar talabaga ajratilgan 5 834 million so‘m ta’lim kreditlarining 98,4 foizi 20 va undan yuqori foiz stavkada ajratilgan bo‘lib, ularning o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 23,5 foizni tashkil etmoqda.
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
4-farq: Qaysi banklar tomonidan ajratilishi |
|
Ta’lim kreditlari, qoidaga ko‘ra, qarz oluvchi yashaydigan aholi punktida joylashgan tijorat banklari muassasalari tomonidan berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan ushbu talab o‘z kuchini yo‘qotgan. |
Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda belgilangan 6 ta muvofiqlik mezonlariga javob beradigan tijorat banklari.
|
Ta’lim krediti ajratish bo‘yicha aniq resurs manba mavjud bo‘lmaganligi sababli ta’lim krediti aynan qaysi banklar tomonidan ajratilishi borasida aniq manzilli ro‘yxatning shakllanmasligiga olib kelgan edi.
Yangi tartib bilan esa ta’lim krediti ajratish uchun banklarga resurs joylashtiruvchi jamg‘arma tashkil etilishi bilan birgalikda, ushbu jamg‘arma hisobidan ta’lim kreditini ajratuvchi tijorat banklariga bir qator muvofiqlik mezonlari o‘rnatildi.
Misol uchun, jamg‘armadan resurs jalb qilmoqchi bo‘lgan bank:
- ta’lim kreditlarini ajratish yuzasidan aniq belgilangan ichki tartibga ega bo‘lishi lozimligi;
- «Fitch Ratings», «Standard & Poor’s», «Moody’s Investors Service» xalqaro reyting agentliklarining «V», «V2» reytingidan past bo‘lmagan reytingga ega bo‘lishi;
- 500 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan regulyativ kapitalga ega bo‘lishi;
- Davlat byudjeti va Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan mablag‘lar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikka ega bo‘lmasligi;
- Markaziy bank tomonidan belgilangan prudensial normativlar buzilganligi sababli unga nisbatan ta’lim krediti berilishiga to‘sqinlik qiluvchi amaldagi chora va sanksiyalar mavjud bo‘lmasligi kabi mezonlanga munosib bo‘la olishi lozim.
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
5-farq: Ijtimoiy muhofazaga muhtojlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklar |
|
Chin yetimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga - nol foiz stavkasida (foizsiz kredit), fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kafilligida ajratiladi. Kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan talabalar uchun kredit bo‘yicha qo‘shilgan foizlarning 50 foizi tuman/shahar Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan to‘lanadi. |
«Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi. |
Viloyatdagi banklar tomonidan keyingi 5 yilda bor-yo‘g‘i 15 nafar talabaga 101 million so‘m kredit
“0” foiz bilan ajratilgan.
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
6-farq: Tijorat banklarida ariza va unga ilova qilingan to‘la hujjatlar to‘plamini ko‘rib chiqish va kredit shartnomasini imzolash yoki kredit berilmasligi to‘g‘risida qaror qabul qilish muddati |
|
10 ish kuni mobaynida |
5 ish kuni mobaynida |
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
7-farq: Ta’lim kreditlarining ta’lim muassasasiga o‘tkazilishi muddati |
|
Har yarim yilda o‘qish uchun yillik to‘lovning to‘liq miqdorini ikki teng qismga bo‘lgan holda: yangi talabalar uchun birinchi yarim yillik uchun Ikkinchi yilidan sentyabr va martning 5-kunidan kechiktirilmay to‘lanadi. |
To‘lov-kontrakt miqdorining 25 foizi bo‘yicha — kredit oluvchilardan har yili 1 sentyabrga qadar kredit olish uchun kelib tushgan arizalar asosida; to‘lov-kontrakt miqdorining 50, 75 va 100 foizi bo‘yicha — o‘quv yili davomida ta’lim krediti shartnomasi tuzgan kredit oluvchilar ehtiyoji hisob-kitobidan va har yili, mos ravishda, 15 dekabr, |
Misol uchun, o‘rtacha 10 million so‘mlik kontrakt to‘lovining ta’lim muassasasiga 4 ga bo‘lib o‘tkazilishi natijasida 1 yilda 160 ming so‘m, 4 yilda eng kamida 640 ming so‘m mablag‘ talaba yonida qoladi.
Hozirga qadar mavjud bo‘lgan tartib |
Joriy etilgan yangi tartib |
8-farq: Kreditni qaytarish muddati |
|
Talaba tomonidan oliy ta’lim muassasasida o‘qishning ta’limning ushbu turi uchun rasmiy belgilangan muddati tugallangandan uch oy o‘tgandan so‘ng boshlanadi. |
Talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab. |
Talaba o‘qishni tugatgach ishga joylashib yoki o‘zini-o‘zi band qilib, daromad manbaiga ega bo‘ladi va kreditni to‘lash uchun ko‘proq muddat qoladi.
Darvoqe, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan tashqari boshqa manbalar hisobidan beriladigan ta’lim kreditlariga yuqorida keltirilgan shartlar tatbiq etilmaydi. Oliy ta’lim tashkilotida tahsil olish maqsadida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (“super kontrakt”)ni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun ushbu Jamg‘arma hisobidan ta’lim krediti ajratilmaydi.
Sherzod SUVONQULOV, Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.