Kelajakda yashayotgan shaharlar
Biz tirbandliklarda qolib ketayotgan bir paytda bu shaharlardagi odamlar allaqachon mashina, pul va kalitsiz kelajakda yashab kelmoqda.
Ishonish qiyin, lekin Marsning qayeridadir emas, bizdan atigi samolyotda 3-4 soat parvoz uzoqligida odamlar uchuvchisiz kibertaksi minadi, yo‘lkirani tabassum bilan to‘laydi.
AdMe.ru kelajakda yashayotgan shaharlar haqida gapiradi. Maqolaning oxirida 2050 yilga kelib Parijning qanchalik fantastik va tanib bo‘lmas darajaga kelishi mumkinligini ko‘rasiz.
Sondo, Janubiy Koreya
Sondo shahri mamlakat poytaxti Seuldan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan sun’iy orolda qurilgan. Aholi konditsioner yoki mikroto‘lqinli pech kabi har qanday maishiy texnikani masofadan turib boshqarish mumkin bo‘lgan “aqlli uylar”da yashaydi. Shuningdek, ularning kino chiptasidan tortib, avtomobil ijarasigacha - har qanday xizmatlar uchun haq to‘lashi mumkin bo‘lgan va xonadon eshigini ochish uchun ishlatiladigan yagona maxsus kartasi bor. Mabodo karta yo‘qolsa, kvartira qulfidagi kod avtomatik tarzda yangisiga o‘zgartiriladi.
Shaharning barcha ko‘chalari va binolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar minglab jihozlangan datchiklar orqali yagona tahliliy markazga tushadi. Tizim hech kim bo‘lmagan joylarda yoritgichlarni o‘chiradi, odamlar va avtomashinalar ko‘p bo‘lgan joylarni esa yorug‘roq qiladi, avtomobillar harakati zichligiga qarab elektron yo‘l belgilarini o‘zgartiradi.
Bu yerda toza havo qadrlanadi, shu bois aholi oddiy avtomobildan voz kechishga chaqiriladi – istalgan nuqtaga velosipedda 15 daqiqada yetib borish mumkin. Shaharning 40 foizi yashil maydon, 95 foiz avtoturargohlar yer ostida joylashgan.
LED yoritgichlar va quyosh panellari tufayli Sondo boshqa shaharga qaraganda 30 foiz kamroq energiya sarflaydi. Ko‘chalarda yomg‘ir suvini yig‘ish uchun maxsus idishlar o‘rnatilgan – ulardagi suv yerlarni sug‘orish, ko‘chalarni yuvish, ortib qolgan qismi esa binolarni isitish uchun foydalaniladi.
Inchuan, Xitoy
Inchuan 2013 yilda aqlli shaharga aylantirish bo‘yicha tajriba sifatida tanlandi. Shahar aholisi bank kartasi o‘rniga o‘z yuzlaridan foydalanadilar, masalan, barcha avtobuslarda o‘rnatilgan yuzni tanish tizimi avtomatik tarzda yo‘lkira haqini hisobingizdan yechib oladi.
Mobil ilova orqali buyurtma berilgan mahsulotlarni maxsus saqlash xonalardan olib ketish mumkin. Odatdagi qutiga qaraganda 5 barobar ko‘proq sig‘imli chiqindi konteynerlari quyosh batareyalari yordamida quvvatlanadi va undagi axlatlar presslanadi. Konteyner to‘lgach, signal olgan kommunal xizmati xodimlari uni bo‘shatishadi.
Fudzisava, Yaponiya
Fudzisava — kichik shaharcha, u yerda barcha uylar “aqlli”. Tomlarda quyosh panellari o‘rnatilgan, maishiy texnika esa energiyani tejaydi, masalan, tomoshabin bo‘lmasa xonadagi televizor o‘chib qoladi, kir yuvish mashinasining o‘zi kirning ifloslanishiga qarab qancha suv va kukun kerakligini aniqlaydi. Ortib qolgan energiya qo‘shni shaharlarga sotiladi va biror bir falokat ro‘y bergudek bo‘lsa, shaharni 3 kun davomida ta’minlaydigan yetarli energiya zaxirasi bor. Fudzisavada an’anaviy avtomobil o‘rniga elektromobil, elektr skuter yoki elektr velosipedni ijaraga olish mumkin.
Milton-Kins, Buyuk Britaniya
Bor-yo‘g‘i 50 yil oldin noldan rejalashtirilgan va qurilgan Milton-Kinsda rivojlangan markaz yoki ortda qolgan chekka joylar yo‘q - barcha yashil hududlar, shinam uylar, piyodalar yo‘laklari bir xil darajada qulay. Bu yerda eng baland daraxtdan balandroq bino qurish taqiqlanadi.
Aynan shu “aqlli ekoshahar”da barcha yangi texnologiyalar sinovdan o‘tkaziladi. 3 yildan beri shahar ko‘chalarida haydovchisiz ikki o‘rindiqli elektromobillar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Milton-Kinsdagi asosiy - yagona “MK:Smart” ma’lumotlarni yig‘ish tizimi harakat datchiklari, kameralar, sun’iy yo‘ldoshlar va boshqa vositalar yordamida odamlar va transport vositalarining harakati, suv va elektr energiya iste’moli va hokazolar haqida ma’lumot to‘playdi. Natijada shahar yashovchisi kutgan avtobusi necha daqiqada kelishi, qaysi joyda bepul mashinalar to‘xtash joyi mavjudligi va yo‘nalishidagi tirbandlik haqida ma’lumot olish imkoniga ega.
Masdar, BAA
Birlashgan Arab Amirliklarida qurilayotgan Masdar avtomobillarsiz ekoshaharchada uchuvchisiz kibertaksilar hozircha 1,5 kilometrgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashiydi. Shaharda ularning barchasi mahalliy Fan va texnologiya institutida tahsil oladigan atigi 300 nafar aholi istiqomat qiladi. 2030 yilda shahar qurilishi yakunlanishi rejalashtirilmoqda.
Bonus: Parij 2050 yilda
Arxitektor Vinsent Kallebo 2050 yilga kelib Parij shahar markazini ko‘p qavatli tropik o‘rmonni eslatuvchi futuristik yashil shaharga aylantirishni maqsad qilib qo‘ydi.
Aholi uylarini issiq suv va elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan tubida muqobil energiya manbalari yashiringan yashil ekominoralar chiqindilarni qayta ishlash va havoni tozalash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Aqlli shaharlar” - bu jozibali haqiqat, umid qilamizki, tez orada butun sayyoramizda bunday shaharlar ko‘payib boradi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.