Kengash – vakillik organi. Uning faoliyatida jamiyat manfaati aks etadi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining ellik oltinchi sessiyasida bu qoida yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat Kengashi deputati F.Toshev olib borgan sessiya ishida dastlab viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qariyb 30 foiz tadbirkor “0” hisobot beryapti

Sessiyada viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqovning qayd etishicha, hisobotlarda ishlamayotganligi qayd etilgan tadbirkorlik sub’yektlari tanlanma asosda o‘rganilganda ularning 70 foizdan ortig‘i amalda faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlangan.

Hisobotda ko‘rsatilishicha, o‘tgan yili byudjet mablag‘laridan 2 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ o‘zlashtirish bo‘lgan.

Deputat B.Nasriyev bu xato-kamchiliklar, unga yo‘l qo‘ygan shaxslar va ularga berilgan choralarni jamoatchilikka oshkor qilish taklifini berdi. Deputat Aziz Ahrorov ish o‘rni yaratish yuzasidan taklif kiritdi.

- Mavjud sharoit tufayli Samarqand shahrida yoki tuman markazlarida ko‘plab ish o‘rni yaratilmoqda, - dedi A.Ahrorov. - Biroq markazlarda bu o‘ringa talabgorlar soni talab darajasida emas. Menimcha, ishchilarni uzoqdan olib kelish uchun qonun doirasida subsidiya berish kerak.

Viloyat hokimi o‘rinbosari mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlab, byudjetdan ajratiladigan mazkur mablag‘larning aniq hisob-kitobi va mexanizmlarini ishlab chiqib, kelgusi sessiyalarda hisobot berishini bildirdi.

Shuningdek, ayni paytda bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda maxsus platforma yaratilishi aytildi. Bu orqali ishchilar o‘ziga ma’qul ish yoki vazifa, buyurtmachilar zarur usta-ishchilarni topish imkoniyati yaratiladi.

Mulk solig‘i stavkalari qayta ko‘rib chiqiladi

Sessiya ishida tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yuridik shaxslar mol-mulk solig‘ini hisoblashda ko‘chmas mulkning mutlaq qiymatiga qo‘llaniladigan minimal miqdorlar belgilanishi kutilgandi.

- Hukumatning tegishli qarorida mahalliy Kengashlarga soliq stavkalarini 50 koeffitsiyentgacha tushirish huquqi berilgan, - dedi deputat O‘.Saidmurodov. - Biroq tayyorlangan qaror loyihasida viloyatning ayrim tumanlaridagina shunday tarif belgilangan. Ammo boshqa tumanlarda 60, hatto 65 koeffitsiyent belgilanyapti. Yuqorida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari aytib o‘tganidek, 30 foiz tadbirkor “0” qiymatda hisobot topshiryapti. Mol-mulk solig‘ining loyihada ko‘rsatilgan tarzda belgilanishi ularning soni ortishi, o‘z navbatida, byudjetga tushumlar kamayishiga sabab bo‘ladi.

Mazkur masala atroflicha muhokama qilinmagani, bu borada jamoatchilik fikrlari o‘rganilmagani uchun qaror loyihasi deputatlar tomonidan kelgusi sessiyada ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Sudlarda ko‘rilgan ishlar hajmi oshgan. Nega?

Sessiya ishida viloyat sudi raisi O.Hayitovning axboroti tinglandi.

Qayd etilishicha, 2020 yilda pandemiya sababli karantin choralari belgilandi. Tabiiyki, bu davrda sudlarda ham ish ko‘rish 2021 yilda bu borada birmuncha yengillik berilgani bois sudlarda ko‘rilgan ishlar soni qariyb teng baravar ortgan.

Deputatlar viloyat prokurori R.Masharipovning 2021 yilning II yarmi davomida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tingladi.

Sessiyada shuningdek, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Zokirov 2021 yil davomida Prezidentning 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.

Ijro intizomi qat’iy, jazo esa muqarrar

Sessiyada viloyat hokimligi ijro nazorati guruhi rahbari Z.Rahimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat bosh­qaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan hisoboti tinglandi.

Prezidentimiz tomonidan barcha boshqaruv organlari, Qoraqalpog‘is­ton Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish bo‘yicha qaror va farmonlar qabul qilinmoqda.

Ushbu qaror va farmonlar hamda tashriflar davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali shu kunga qadar viloyatimizga 963 ta hujjat asosida 6773 ta topshiriq kelib tushgan. Bugungi kungacha mazkur topshiriqlarning 5282 tasi ijro etilgan. Amalda bajarildi, deb axborot kiritilgan 179 ta topshiriqlar yetarli asoslantirilmaganligi uchun elektron tizim orqali qaytarilgan.

Sessiya ishida deputatlar ijro intizomida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qildi.

Viloyat hokimligi tashkiliy tuzilmasi yangilandi

Sessiya kun tartibiga muvofiq, viloyat hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, viloyat hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘­yicha o‘rinbosari lavozimi tugatildi. Qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, Kengash qarori bilan Bulung‘ur va Past Darg‘om tumanidagi ayrim aholi punktlarini nomlash va qayta nomlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Sessiya ishida, shuningdek, Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.