"Keyingi yillarda o‘qimasdan o‘qish mumkin ekan, degan kayfiyatdagi avlod paydo bo‘ldi"

Avval xabar berganimizdek, bugun - 11 iyunda  Xalqaro press klub navbatdagi sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazdi. Unda ishtirok etgan Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov shunday fikrlarni bildirdi:


– Bilimni o‘qituvchi bermaydi, uni o‘quvchining o‘zi izlanib, o‘qib olishi kerak. Aksariyat yigit-qizlarda mustaqil bilim olish uquvi yo‘q. Buning uchun o‘zimiz aybdormiz. Negaki, undan darslarni so‘rash, imtihonlarni adolat va shaffoflik bilan o‘tkazishga harakat qilmaganmiz. Bir necha yildan buyon talabalarning baho olishi oshna-og‘ayinchilik orqali bo‘lib qoldi. Natijada o‘qimasdan o‘qish mumkin ekan, degan kayfiyatdagi avlod paydo bo‘ldi.


Ta’lim sifatini oshirish uchun yigirma yilda o‘n ikki marta o‘quv rejasi va ma’ruza matnlari almashtirildi, ammo natija ijobiy tomonga o‘zgarmadi. Hatto, chet ellik professor-o‘qituvchilarning darsliklarini tarjima qilib bersak, yoshlar aqlli bo‘lib qolar, deya bu amalni ham joriy etdik, biroq natija bo‘lmadi. Aniqrog‘i, asosiy masala yechilmayapti. Ya’ni, talabani mustaqil bilim olishga undaydigan tizim yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu esa og‘ir masala. Nima uchun deganda kim bilandir yomon munosabatda bo‘lishga to‘g‘ri keladi...