Kimlar energiya xarajatlari uchun beriladigan kompensatsiyadan foydalanishi mumkin?

Mavjud tartibga ko‘ra, energiya xarajatlari uchun ayrim toifadagi iste’molchilarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensatsiya joriy etilgan. Bu toifaga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kirgan kam ta’minlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar hamda Yagona reyestrga kiritilmagan, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar kiradi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar 277 ming 719 ta oila ariza topshirgan. Shundan 240 ming 18 tasi — Ijtimoiy himoya reyestriga yoki kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilgan oilalar, 37 ming 701 tasi — ro‘yxatga kirmagan, lekin og‘ir ahvoldagi oilalar. Ushbu yordam moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Elektr yoki gazdan qarzdorligi bor ehtiyojmand oilalar kompensatsiya olish uchun yashab turgan mahallasidagi ijtimoiy xodimga, “Inson” markaziga yoki "1140" qisqa raqamiga murojaat qilishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, kompensatsiya miqdori bolalar/oila a’zolari soni va boshqa shartlarga bog‘liq emas. Miqdori hamma uchun bir xil.