Kimlar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj?

Besh barmoq baravar bo‘lmaganidek, odamlarning topish-tutishi, yashash tarzi ham turlicha. Kimdir mehnati ortidan yaxshi daromad qilib, oilasini, uy-joyini to‘la-to‘kis ta’minlab qo‘ygan bo‘lsa, kimdir nogironligi, keksa yoki betobligi sabab uyini ta’mirlay olmay, yashash sharoiti og‘ir ahvolda kun kechiradi. Shu sababli hukumatimiz uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni maxsus komissiya orqali aniqlab, ularga yordam beradi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turarjoylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda bu boradagi tartiblar belgilab berildi. Unga ko‘ra, quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb hisoblanadi:

a) turarjoy maydoniga ega bo‘lmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylarda yashovchi fuqarolar;

b) har bir oila a’zosi o‘n olti kvadrat metrdan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun yigirma uch kvadrat metrdan kam bo‘lgan turarjoy bilan ta’minlanganlar;

v) yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar, bundan mavsumiy va vaqtinchalik xodimlar, shuningdek, o‘qishlari sababli yotoqxonalarga ko‘chib o‘tgan fuqarolar mustasno;

g) qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan ikki va undan ko‘p oila bo‘lib bir kvartirada yashovchilar;

d) alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir shakllariga chalinganlar;

ye) uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida uch yil yashayotgan va ro‘yxatda turgan fuqarolar.

Agar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqaro tomonidan berilgan ariza rad etilsa, u sudga shikoyat qilishi mumkin.