Kimning qancha soliq qarzi bor?

Qarz aslo baraka keltirmaydi, qarzdorlik esa yuzni shuvut qilishi muqarrar. Mas’uliyatli burch – soliqlarni to‘lashga panja orasidan qaraydigan, byudjetga tushumlar tushishiga o‘z hissasini qo‘shishni xayoliga ham keltirmaydiganlar ham mavjud.

Avvalo soliq qarzi xususida to‘xtalib o‘tsak, maqsadga muvofiq. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarz summasi, jumladan, belgilangan muddatda to‘lanmagan moliyaviy sanksiyalar soliq qarzini tashkil etadi. Ta’kidlash lozimki, to‘lov intizomiga rioya etmaslik, xo‘jalik yurituvchi sub’yekt moliyaviy holatining barqaror emasligi, debitorlik va kreditorlik qarzlarining oshib borishi kabi omillar soliq qarzining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Xo‘sh, bugungi kunda Samarqand viloyatida qancha soliq qarzi yuzaga kelgan? Ayni paytda Samarqand viloyati bo‘yicha jami soliq qarzi 283 milliard 400 million so‘mni tashkil qilmoqda. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, qarzi million emas, balki milliardlik “marrani” “zabt etgan” korxonalar borligi ayni haqiqat.

Masalan, Samarqand shahridagi “Mexkalonna 48” korxonasining 1 milliard 637 million 357 ming 900 so‘mlik, Narpay tumanida faoliyat yurituvchi “10-son QQK” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 1 milliard 245 million 837 ming 800 so‘mlik, Paxtachi tumanidagi “Granit” aksiyadorlik jamiyatining 1 milliard 204 million 161 ming 600 so‘mlik soliq qarzi mavjud.

Akmal VALIYEV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi soliq qarzini undirishni tashkil qilish bo‘limi boshlig‘i.