Ko‘cha daydi itlardan tozalandi

O‘zLiDeP Samarqand shahar Kengashi tomonidan Maroqand MFY da o‘tkazilgan sayyor qabulda mahalla raisi T.Po‘latov boshchiligidagi bir guruh fuqarolar hududda qarovsiz daydi itlar ko‘payib ketganligi, buning oqibatida bolalar maktabga borib kelishida, mahalla ahlining ko‘chada yurishida xavf-xatar tug‘ilayotganligidan shikoyat qilgan edi.

Mazkur ariza xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Lola Abdullayeva tomonidan o‘rganilib, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasiga so‘rov yo‘llandi.

So‘rovga javoban, obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli it ovlash brigadasi  Maroqand mahalla hududida bo‘lib, ko‘chada yurgan, qarovsiz qolgan daydi itlarni ushlab ketgan.

- Men O‘zLiDeP partiyasi va deputat Lola Abdullayevaga minnatdorchilik bildiraman. Sayyor qabulda ko‘tarilgan masala tezlik bilan hal etildi. Ko‘chamiz daydi itlardan tozalandi, - dedi Maroqand mahallasi raisi T.Po‘latov.

- Sayyor qabullarda  ko‘tarilayotgan hech bir muammo e’tiboridan chetda qolmaydi, - deydi O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Qo‘ldosh Saidov. - Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida o‘tkazilgan sayyor qabullarda 20 ga yaqin obodonlashtirishga doir murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning aksariyati deputatlik so‘rovlari asosida hal etilgan.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi.