Ko‘chmas mulk binolari xatlanib, hisob raqamiga band solingach, MChJdan soliq qarzdorligi undirildi

Samarqand shahar iqtisodiy sudining qarzdor “Samarqand Texmak Mato” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi Samarqand shahar Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 199 mln. 367 ming 173 so‘m soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ijro ish yurituviga kelib tushgan.

Shu kunning o‘zida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxalari tomonlarga yuborilgan. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi xabar bermoqda.

Ijro harakatlari davomida qarzdor “Samarqand Texmak Mato” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bank hisob-raqamlarining chiqim qismiga band solingan.

Qarzdor “Samarqand Texmak Mato” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida mutasaddi idoralarga so‘rov xatlari yuborilgan.

Shuningdek, mazkur ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida davlat ijrochining dalolatnomasiga asosan qarzdorga tegishli bo‘lgan, mas’uliyati cheklangan jamiyati joylashgan manzilda qarzdorning ko‘chmas mulki ya’ni, binolari xatlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 233-moddasi tushuntirilgan holda qarzdorning vakiliga topshirilgan.

Mazkur ijro hujjati yuzasidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor “Samarqand Texmak Mato” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi Samarqand shahar Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 199 mln. 367 ming 173 so‘m soliq qarzdorligi undirib berildi.