Ko‘chmas mulkni xususiylashtirish, sotish, ijaraga berish, garovga qo‘yishda ko‘pchilik xato qilyapti. Nega?
Konstitutsiyamizning 36-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli ekanligi, 44-moddasida esa har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanganligi belgilangan.
Fuqarolik kodeksi, shuningdek, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi qonunlarda mulk va mulkdorlik huquqlari kafolatlari qonun yo‘li bilan mustahkamlangan.
Xususan, Fuqarolik kodeksida mulkning daxlsizligi va sud orqali himoya qilinishini ta’minlash, Jinoyat kodeksida esa mulkni eng muhim ob’yektlar qatorida tajovuzlardan qo‘riqlash asosiy vazifalar sifatida belgilanganligi mulk himoyasini ta’minlash bo‘yicha mustahkam huquqiy asos mavjudligining yaqqol tasdig‘i hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini mustahkamlash muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Mulk himoyasiga qaratilgan bunday chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati, maqsadi mulk huquqining kafolatini ta’minlash va bu boradagi huquqiy asosni takomillashtirishga, balki fuqarolarning mulkdor sifatida o‘z huquqlarini yaxshi bilishiga va himoya qila olish qobiliyatini shakllantirishga ham qaratilgan.
Fuqarolarning huquqiy madaniyatini, xususan, mulkiy munosabatlardagi huquqiy savodxonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lami va samaradorligi kun sayin ortib bormoqda.
Mulkiy huquqni amalga oshirish turli manfaatlarning o‘zaro to‘qnashuvi bilan uyg‘un holda yuz berishi sababli uning oqibatlari nizoli holatlar yuzaga kelishi ehtimolini istisno etmaydi. Bunday holatda mulkiy munosabatlarning halol va insofli ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish ko‘p jihatdan ularning ushbu jarayonni tartibga soluvchi qonun normalariga qat’iy rioya qilishi bilan bog‘liq.
Darhaqiqat, jamiyat hayotida shaxslar o‘rtasidagi mulkiy xarakterda bo‘lgan, ya’ni mol-mulkni egallash, undan foydalanish va tarassuf etish bilan bog‘liq munosabatlar asosiy o‘rin tutadi. Bunday munosabatlarga albatta kim bilandir goh u yoki bu shaklda bo‘lsin, har kuni duch kelinadi. Tabiiyki, shunday munosabatlarga kirishganda ishtirokchilar o‘rtasida ba’zida anglashilmovchiliklar, tortishuvlar va turli nizolar yuzaga keladi. Mazkur nizolarning vujudga kelish sabablari o‘rganilganda, ular aksariyat hollarda munosabat ishtirokchilarining mulkiy masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarini yaxshi bilmasliklari, shartnomaviy majburiyatlarning ijrosiga befarq qarashlari, qonunda yoki shartnomada belgilangan huquq va burchlarini to‘la anglab yetmasliklari tufayli kelib chiqayotganligi ko‘rinadi.
Ayniqsa, ko‘chmas mulklarni xususiylashtirish, sotish, ijaraga berish, hadya qilish, meros sifatida birovga qoldirish, garovga qo‘yish, birgalikdagi umumiy mulkni taqsimlash yoki undan o‘z ulushini ajratib olish kabi munosabatlar nisbatan murakkab jarayon bo‘lganligi uchun fuqarolar yoki yuridik shaxs lar mazkur sohada ko‘proq xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yishadi.
Biroq qanchalik murakkab bo‘lmasin, qonun talablarini bilish va unga rioya qilish mazkur jarayon ishtirokchilarining majburiyati hisoblanib, avvalo, ushbu shaxslarning manfaatlariga xizmat qiladi, ularning huquqlarini himoya qiladi.
Bahodir Qarshiyev,
Samarqand viloyati hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.