Koinot sinoatlari: Oydagi sirlar

Tungi yoritkichimizda sirli hodisalar sodir bo‘lmoqda. Hind apparatining halokatga uchragan joyi tadqiq qilinganda, uning siniqlari qayergadir g‘oyib bo‘lgani aniqlandi, deb yozadi «Mir novostey» (2019 yil 41-son) haftanomasi.

Oy o‘zga sayyoraliklar hayot shakli uchun ulkan tuzoq bo‘lishi mumkin. Garvardlik astrofizik, professor Abraxam Lobe Oy milliard yillar davomida o‘z sathida yulduzlararo ob’yektlarni yig‘ib kelayotganini ta’kidlaydi. Lobe Dcientific American nashridagi o‘z maqolasida Oyni Quyosh sistemasida uchib yurgan ob’yektlar uchun «pochta qutisi» deb atadi.

Oyda boshqa sayyoralardan nafaqat mikrotoshga aylangan, balki o‘zida o‘zga sayyoraliklar sivilizatsiyasi izini olib kelgan hayot shakllari bo‘lishi mumkin. Professor Lobe Oyda Koinotning olis qa’ridan uchib kelgan kosmik apparatlar qulab tushgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi. U oy yuzasiga ehtimol milliard yil avval urilib parchalanib ketgan texnologik uskunalarning izlarini qidirishni taklif qiladi. «Bu insoniyatni koinotga yo‘llagan «Biz mavjudmiz» degan xabarnomasiga teng topilma bo‘lardi» deb yozadi Lobe. Shu bois ushbu «pochta qutisi»ni sinchiklab tekshirish zarurati paydo bo‘lmoqda. Buning ustiga Oyda atmosferaning yo‘qligi uning sathiga kelib tushgan ob’yektlar yonib ketmasligiga imkon beradi. Olimlar Oyni tadqiq qilish yordamida o‘zga sayyoralar hayoti Yer tarkibiga o‘xshash-o‘xshamasligi haqidagi savolga javob topishmoqchi. Yerda 3 milliard yil avval mavjud bo‘lgan hujayralar izi topilyapti. Bunday qazilma guvohlar Oyda ham aniqlanishi mumkin. Hozirda butun bir guruh mamlakatlar Oyga o‘z stansiyalarini jo‘natishga urinayotganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Oyda doimiy tadqiqot olib boradigan bazaning paydo bo‘lishi, albatta, o‘zga sayyoraliklar sivilizatsiyasining mavjudligiga guvoh bo‘ladigan topilmani aniqlashiga shubha yo‘q, deydi astrofizik.

Amerikalik fizik Jeyms Benfordning qator tadqiqotlari NASA tomonidan qo‘llab-quvvatlanib keladi. Uning fikricha, Yerdan tashqari sivilizatsiya izlarini Yerning doimiy yo‘ldoshiga aylangan g‘alati ob’yektlardan qidirish kerak ekan. Ulardan biri uncha katta bo‘lmagan asteroidga o‘xshaydi, sayyoramiz atrofida sirtmoq hosil qilib aylanadi. Ammo hech qachon undan uzoqlashmaydi. Bu ob’yekt 2016 NOZ deb belgilangan. U sayyoramiz bilan birga Quyosh atrofida go‘yo raqsga tushadi. Undan turib Yerni yashirin kuzatish g‘oyat qulay usul, deydi Benford.

T.MUROD tayyorladi.