Kollejlarga 2025 nafar, texnikumlarga 2914 nafar abituriyent hujjat topshirdi

2020-2021 o‘quv yilida viloyatda tashkil etilayotgan 37 ta kasb-hunar maktabiga 54 ta kasb bo‘yicha 7380 nafar o‘quvchilarni qabul qilish rejasi belgilandi. Bugungi kunda kasb-hunar maktablariga o‘qish istagini bildirgan 9046 nafar 9-sinf bitiruvchilari o‘qishga qabul qilindi.

Professional ta’lim tizimiga asoslangan idoraviy kollejlarda o‘qish 2 yilgacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi. O‘qish davomiyligi kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqib belgilanadi. Viloyatdagi 15 ta (shundan 11 tasi pedagogika, 2 ta tibbiyot, 1 ta qurilish va 1 ta transport) idoraviy kollejlarda kollej.edu.uz platformasi orqali onlayn hujjat topshirilmoqda.

Viloyatda ochilayotgan 22 ta texnikumda kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega, ya’ni maktabning 11-sinfini tamomlagan shaxslar 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi shakllarda, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Texnikumlarga texnikum.edu.uz platformasi orqali onlayn hujjat topshiriladi. Texnikum va kollejlarda qabul 25 avgustdan 25 sentyabrga qadar davom etadi.

Texnikumlar va kollejlarda imtihon yoki test sinovlari o‘tkazilishi bo‘yicha tartib va takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan, tez kunlarda tasdiqlanishi kutilmoqda.

Joriy yilda texnikumlarga 1341 ta grant, 7969 ta kontrakt asosida jami 9310 ta kvota belgilangan. Bugungi kunda 2914 nafar abituriyent  onlayn tarzda hujjat topshirdi.

Kollejlarga 645 ta grant, 4740 ta kontrakt asosida o‘rin ajratilgan. Bugungi kunda 2025 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.

Ta’lim jarayonlari boshlangach, talabalar grant yoki kontrakt asosida o‘qishi mumkin. Kontrakt summasi oliy ta’lim vazirligi hamda moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Azizbek NASIMOV,

viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish

hududiy boshqarma boshlig‘i.