Yurtimizdagi 47 ta tibbiyot kolleji Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga aylantirildi

Tibbiyotda chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy ta’lim standartlari asosida tayyorlash, hududlarning shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida maqsadli qabulni shakllantirish, bu yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari sonini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar sohada kadrlar siyosatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqmoqda, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Jumladan, 2016 yil mamlakatimizda tibbiyot yo‘nalishida 7 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ular soni 11 taga yetkazildi. 6 ta hududdagi (Navoiy, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlari) oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot fakultetlari, 2 ta hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyati) tibbiyot institutlari tashkil etildi.

Qolaversa, tibbiy ta’limdagi kvotalar 2017 yilga nisbatan bir necha barobarga oshirilib, sohada kadrlar tayyorlash ko‘lami yanada kengaytirildi. Xususan, bakalavriatdagi o‘rinlar 2 barobarga (3445 tadan 6950 taga) ko‘payib, magistraturada o‘rinlar 2,3 barobarga (718 tadan 1631 taga) yetdi.

Shu bilan birga, ordinaturadagi o‘rinlar 5 barobarga (961 tadan 4972 taga) oshirilib, maqsadli kvota joriy etildi va qabul qilinadigan talabalar 1180 nafardan 1527 nafarga yetkazildi.

Bundan tashqari, 47 ta tibbiyot kollejlari Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga aylantirilib, joriy yilning o‘zida 20 mingta hamshiralik shtati joriy qilindi.