Konferensiyada istiqboldagi rejalar belgilandi

Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida “Diniy  bag‘rikenglik va zo‘ravonlik ekstremizmi profilaktikasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

“Regional dialog” xalqaro nohukumat va nodavlat tashkilotining O‘zbekistondagi filiali hamda AQSh Tinchlik instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yurtimiz hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, va AQShlik ekspertlar, islomshunos olimlar va nodavlat, notijorat tashkilotlarining vakillari qatnashdi.

Mehmonlar dastavval, Ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabining yaratilish tarixi, amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, ilmiy xodimlar hamda tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. U yerdagi o‘quv jarayonlarining zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslanganligi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Konferensiyada diniy bag‘rikenglik, zo‘ravonlik ekstremizmi va radikallashuvning oldini olish va unga qarshi kurashish, tinchlik va barqarorlik masalalari muhokama qilindi. AQSh Tinchlik institutining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston dasturlari bo‘yicha direktori Skot Vorden so‘zga chiqib, AQSh Tinchlik instituti ekspertlari O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini hamda hukumatning ekstremizmga qarshi kurashi, diniy bag‘rikenglik va islom dinini targ‘ib etish borasidagi siyosatini yuqori baholadi.

Konferensiya davomida o‘zaro do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama etilib, fikr va takliflar asosida istiqboldagi hamkorlik aloqalari belgilab olindi.

Ochil  Rustamov,

Imom Buxoriy xalqaro

ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i.