Ko‘nglimda halovat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda
Taniqli shoir Ma’ruf Jalil hayot bo‘lganida bugun 87 yoshga to‘lardi.
Ma’ruf Jalil 1936 yil 10 oktyabrda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Payshanba shaharchasida tug‘ilgan. 1966 yilda ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan.
«Men sizni sevardim», «Rahmat, odamlar» (1970), «Seni o‘ylab» (1973), «Notanish yo‘llar» (1976), «Qo‘shiq ishtiyoqi» (1979), «Men suv ichgan daryolar» (1981), «Parizodim» (1984), «Daryoni izlar shamol» (1987), «Baxtimga sen borsan» (1989) kabi she’riy kitoblari, «Bunyodkor qalb» (1984), «Orol madad so‘raydi» (1987) ocherk va publitsistik to‘plamlari chop etilgan.
Ma’ruf Jalil 1999 yili «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.
2004 yil 14 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
***
SEN BO‘LMASANG YoNIMDA
Bog‘larda tarovat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda,
Tog‘larda salobat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda,
Olamda nafosat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda,
Ko‘nglimda halovat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
Jonimda itoat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
Qaysi kuni, ey dilbar, qayda menga so‘z berding,
Aqlimni olib qanday, ko‘nglimga qachon kirding,
Sen lafzi karomatmi yo subhi sabo erding?
Kel, o‘zni namoyon qil, pinhona meni ko‘rding,
Bir lahza qanoat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
Kunduz kuni oftobim ko‘nglimga qadam qo‘ymas,
Tunda to‘lin oyimni abr otli sitam qo‘ymas.
Gohi ezilib yomg‘ir, egnimni shinam qo‘ymas,
Erkin nafas olmoqqa yo‘llarda alam qo‘ymas,
O‘yimda halovat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
Yo‘lda adashib yurgan bola kabidir holim,
Majnun dilidan chiqqan nola kabidir holim,
Arqonga madad bo‘lmas tola kabidir holim,
Ohu ko‘zida bitgan vola kabidir holim,
Umidi saodat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
Tunni uladim tongga vaslingga to‘yarman deb,
G‘am lashkarini sabrim tig‘i-la so‘yarman deb,
So‘ng qatli g‘amim qonin ko‘z yosh-la yuvarman deb,
G‘urbatdagi boshimni tizzangga qo‘yarman deb,
Umrimda farog‘at yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
Balki toparman yozda, ehtimol qish topmasam,
Ko‘nglim o‘rniga tushmas, erta yo kech topmasam.
Ostin-ustun qilurman dunyoni hech topmasam,
Qalamim qilich bo‘lar, agar qilich topmasam,
Umrimda davomat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
O‘lkamga bahor yanglig‘ uyg‘onish olib kelgan,
Hikmat to‘la daryoday hayratga solib kelgan,
Iqbol yo‘li ko‘p og‘ir, mayliga, tolib kelgan,
Ma’ruf kabi to‘ylarga nog‘ora chalib kelgan,
She’rimda harorat yo‘q, sen bo‘lmasang yonimda.
* * *
Netay, sen el aro afsona bo‘lsang,
Menam yolg‘iz, senam bir dona bo‘lsang.
Meni sog‘ deb ichingda chekma ozor,
Menam devonaman devona bo‘lsang.
Necha kunki shinam uy izlar edim,
Meni bag‘ringta olgin xona bo‘lsang.
Xusumat qo‘lini ajrat yoqamdan,
Agarda yarqiroq peshona bo‘lsang.
Olib Zuhra kabi oshkor qilurman,
Odamlar ichra sen pinhona bo‘lsang.
Hamon so‘zim yetib bormas dilingga,
Nahotki shunchalar begona bo‘lsang?!
***
Suratda: (chapdan) samarqandlik ijodkorlar, xalqaro jurnalist Shuhrat Umirov, shoir va jurnalist O‘ktam Mirzayor va Ma’ruf Jalil.