Ko‘p poytaxtli davlatlar
Ba’zi mamlakatlarning poytaxti ikkita bo‘lsa, Janubiy Afrikada hukumatning sud, ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi tarmoqlarining o‘z poytaxti bor. Quyidagi ro‘yxat ushbu noodatiy mamlakatlarga bag‘ishlangan.
G‘arbiy Afrikadagi Benin mamlakatining rasmiy poytaxti Porto-Novo shahri hisoblanasa-da, mamlakat hukumati doimo Kotonu shahrida faoliyat ko‘rsatadi. Ikki poytaxt tendensiyasi davlatning 1970 yilda fransuz mustamlakasidan mustaqillikka erishganidan keyin ham davom etmoqda.
Boliviyada ikkita poytaxt borligining sababi 1899 yildagi fuqarolar urushidan kelib chiqqan. Liberal partiyasini asosan La-Pasdagi qalay (egiluvchan oq metall) konlarida boylik orttirgan oilalar, hukmron Konservativ partiyani esa Sukre shahridagi kumush konlaridagi oilalar qo‘llab-quvvatlagan. Liberallar konservatorlarni ag‘darib tashlagach, poytaxtni La-Pas shahriga ko‘chirish talabini qo‘ydi. Oxir-oqibat Sukre shahri rasmiy poytaxt bo‘lib, hukumatning ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud tarmoqlari joylashgan La-Pas ko‘proq hukmronlikka ega bo‘lish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.
Hukumat funksiyalarini ikki shahar o‘rtasida taqsimlay olishi bilan faxrlanishga harakat qiladigan Gruziyaning ham ikkita poytaxti bor. Hukumat ijroiya tarmog‘i joylashgan Tbilisi davlatning rasmiy poytaxti, Gruziya parlamenti joylashgan Kutaisi esa mamlakatning qonun chiqaruvchi poytaxti hisoblanadi. Shuningdek, qirollik va sulolalarning poytaxtlari bo‘lgan bu shaharlar juda boy afsonaviy o‘tmishga ega.
Mamlakat hali Fransiya tasarrufida bo‘lgan 1933 yilda Abijan shahri Kot-d’Ivuar poytaxti deb e’lon qilingan. Mamlakat mustaqillikka erishganidan so‘ng ham bu shahar poytaxtligicha qolgan edi, biroq birinchi prezident Feliks Ufuye-Buani yigirma uch yillik davlat boshqaruvidan so‘ng rasmiy poytaxtni o‘zining tug‘ilgan shahri Yamusukroga ko‘chirishga qaror qildi. U bu ishni mamlakat markazini rivojlantirish va o‘z ona shahrini yuksaltirish maqsadida qildi. Bunday o‘zgarishga qaramay, aksariyat davlat idoralari va elchixonalari Abijanda qolmoqda.
Malayziyadagi ikki poytaxtning paydo bo‘lishiga sabab rasmiy poytaxt Kuala-Lumpur aholisining haddan tashqari ko‘payib ketishi va siyosiy tirbandlik bilan bog‘liq. Bu katta muammo ekanini tushungan Malayziya hukumati ma’muriy funksiyalarni o‘z zimmasiga oladigan yangi shaharni loyihalash bo‘yicha ishlarni boshlab yuborib, chora ko‘rishga qaror qildi. 1995 yilda tashkil etilgan Patrajaya shahriga 1999 yilda hukumat va sud tizimi ko‘chib o‘tdi.
Ushbu ro‘yxatimizdagi boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, Niderlandiyaning har doim ikkita poytaxti bo‘lgan. Amsterdam 1814 yildan beri mamlakatning rasmiy va konstitutsiyaviy poytaxti hisoblanadi. Biroq Gaaga 1588 yildan buyon mamlakatdagi barcha hukumat tuzilmalarining qarorgohi bo‘lib kelgan. Ko‘plab davlatlar bu amaliyotni sinab ko‘rishni boshlashdan oldin ham gollandlar har doim rasmiy va davlat tuzilmalari joylashgan poytaxtlarni ajrata bilgan.
Janubiy Afrikaning dunyodagi uchta poytaxti bor yagona davlat bo‘lishiga 1910 yilda mamlakatning birlashishi sababchi bo‘ldi. O‘sha yilda Janubiy Afrikaning to‘rtta asosiy Kapa, Apelsin daryosi, Transvaal va Natal koloniyalari bitta umumiy poytaxtni tanlab, kelisha olmadi. Natijada ular ko‘p poytaxtli davlat bo‘lishga rozi bo‘lishdi va Kapa koloniyasiga - Keyptaun, Apelsin daryosiga - Blumfonteyn, Transvaal shahriga - Pretoriya kabi shaharlar poytaxt bo‘ladigan bo‘ldi. Natal poytaxti maqomiga da’vo qilmasligi uchun Durban shahriga moddiy tovon to‘lab berildi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.