Ko‘p qavatli uylarga tutash yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imorat qurganlar jarimaga tortiladi

«Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan edi.

Mazkur qonun Prezidentimizning 2021 yil 19 iyundagi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, u bilan Soliq va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan 39 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylarda texnik foydalanish qoidalari va normalariga rioya etilishi o‘rganildi. Unga ko‘ra, 60 mingdan ortiq holatda xonadonlarda o‘zboshimchalik bilan qayta qurish va qayta rejalashtirish ishlari amalga oshirilganligi aniqlandi.

Shuningdek, uy-joy fondi inspeksiyasiga kelib tushgan murojaatlarning 2 mingdan ortig‘i o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan rekonstruksiya va qayta rejalashtirish to‘g‘risida bayon etilgan shikoyatlarni tashkil etadi.
– Bugungi kundagi mavjud noqonuniy qurilmalar uylarning tayanch qobiliyati va zilzilaga bardoshliligining pasayishiga sabab bo‘lyapti, – deydi Uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Azlar Sodiqov. – Bu esa uylarning ekologik tashqi ta’sirlarga chidamsiz bo‘lib qolishiga, mulkdorlarning hayoti, sog‘ligi va mol-mulklari xavf ostida bo‘lishiga olib kelyapti. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Misol uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi uchta yangi qism bilan to‘ldirildi. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish-mansabdor shaxslarga BHMning 15 barobari, ya’ni 4 million so‘m jarima belgilandi.

Ko‘p kvartirali uylardagi tayanch va to‘siq konstruksiyalarni o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish, shu jumladan, uylarda va uylarga tutash yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurish ishlarini amalga oshirgan fuqarolar BHMning 30 barobari, ya’ni 8,1 million so‘m, mansabdor shaxslarga 50 barobari (13,5 million so‘m) jarima qo‘llaniladi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish orqali ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi tashkilotlar qator soliqlardan ozod etildi. Xususan, umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, uylarga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlar bo‘yicha barcha soliqlardan ozod etiladi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘shimchalar kiritish orqali Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan sudlarga kiritadigan arizalari uchun davlat boji undirilmaydi.
Shuni aytish joiz, mazkur hujjat bir qator ijobiy natijalarga erishishni ta’minlaydi. Jumladan, ko‘chmas mulk egalarining uy-joy fondini saqlash va undan oqilona foydalanish borasidagi shaxsiy mas’uliyatini oshirish orqali uylarning texnik xavfsizligi saqlab qolinadi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarini ma’lum bir faoliyat turi bo‘yicha soliqlardan ozod etish natijasida sohaga tadbirkorlik sub’yektlarining jalb etilishiga, uylardan foydalanishda mavjud qoidalarga rioya etilishiga va ko‘chmas mulk egalariga xavfsiz yashash sharoiti yaratib beriladi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA