Koronavirus bilan bog‘liq soxta xabarlar tarqatayotgan 33 ta akkaunt aniqlandi
Mamlakatimizda virusli kasalliklarga qarshi kurash jarayonida o‘rnatilgan alohida tartib va qoidalar haqida ommaviy axborot vositalarida ma’lum qilindi.
Aynan shu jarayonda ko‘plab mish-mishlar, noto‘g‘ri xabarlar, asossiz ma’lumotlar va aholi o‘rtasida sarosima uyg‘otuvchi axborot ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi kuzatilmoqda, deb xabar berdi Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov.
Ma’lum qilamizki, Ichki ishlar vazirligida Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi organlar bilan birgalikda aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni, shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan barcha qilmishlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunga kelib, ishchi guruh tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33 ta akkaunt aniqlangan. Ulardan 25 (!) tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8 tasi esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli. Hozirda ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlanib, tegishli tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, virusga chalingan hamda karantinda bo‘lgan fuqarolarning shaxslarini ommaga tarqatgan ikki nafar fuqaro aniqlanib, ularning harakatlariga huquqiy baho berilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar tomonidan soxta va asossiz ma’lumotlarni tarqatayotgan 13 nafar fuqarolarimiz aniqlanib, ularning 9 nafari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. To‘rt nafarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘riladi.
Toshkent shahri, Xorazm, Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi dehqon bozorlarida savdo qilayotgan hamda shaxsiy transport vositalarida aholiga pullik xizmat ko‘rsatayotgan shaxslar tomonidan yuzaga kelgan vaziyatdan g‘araz maqsadlarda foydalanib, mahsulotlarining hamda xizmat ko‘rsatish narxini asossiz oshirib yuborganligi aniqlangan 27 nafar fuqarolar bilan tegishli tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga eslatib o‘tamiz:
- asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmang, xabarlar bilan rasmiy manbalar orqali tanishing;
- o‘tkinchi hissiyotlarga berilmang, vahima va sarosimaga tushmang, bugungi harakatlaringiz oqibatida ertaga tanishlaringiz yoki oilangiz oldida uyalib qolishingiz mumkin;
- vaziyatdan foydalanib, shaxsiy manfaat yo‘lida g‘araz maqsadlarni ko‘zlamang, har bir noqonuniy xatti-harakatingiz uchun javob berishingizni unutmang;
- mamlakatimizdagi barqarorlikni izdan chiqarish niyatida bo‘lgan yovuz niyatli kuchlarning o‘yinchog‘iga aylanib qolmang. Unutmangki, har bir holat zudlik bilan aniqlanadi, aybdorlarga nisbatan qonuniy tartibda qat’iy chora ko‘riladi.
Barcha savollaringiz bo‘yicha alohida faoliyat ko‘rsatayotgan 1003 raqamli tezkor aloqa tarmog‘iga murojaat qiling. Aniq axborotni ijtimoiy tarmoqlardagi @koronavirusinfouz rasmiy manzilidan bilib olishingiz mumkin.