Koronavirus bilan kurashish uchun Jahon banki O‘zbekistonga 95 million dollar moliyaviy yordam beradi

Jahon banki koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolarining salomatligi va farovonligiga ta’sirini yumshatish bo‘yicha favqulodda choralarni qo‘llab-quvvatlash uchun 95 million dollarlik moliyalashtirish dasturini tasdiqladi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, loyiha mablag‘lari milliy sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga, shuningdek, pandemiya keltirib chiqargan iqtisodiy inqirozdan aziyat chekkan kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

«Jahon bankining moliyalashtirishi xalqaro rivojlanish bo‘yicha hamkorlar koalitsiyasi tomonidan tashkil etilgan aholini pandemiya xavfidan himoya qilishda hukumatga ko‘rsatilayotgan yordamning bir qismi sifatida taqdim etiladi, - dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. - Hukumat, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMTning boshqa agentliklari, xalqaro moliyaviy institutlar, shu qatorda Jahon banki guruhi, ikki tomonlama yordam agentliklari va nodavlat tashkilotlar, shu jumladan, Chegara bilmas shifokorlar (MSF) ushbu og‘ir vaziyatda mamlakatni qo‘llab-quvvatlashda xayrixohlik bildirishmoqda».

Ushbu loyiha doirasida Jahon banki ko‘magi bilan koronavirus infeksiyasining oldini olish, uning profilaktikasi va tarqalishini nazorat qilish uchun milliy sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga 38 million dollar sarflanadi. Mablag‘lar shaxsiy himoya vositalarini, dori-darmonlarni va hayotiy zarur tibbiy asbob-uskunalarni, shu jumladan, o‘pkani sun’iy shamollatish qurilmalarini sotib olishda, koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolaydigan shifoxonalarni jihozlash uchun ham ishlatiladi.

Loyiha bo‘yicha 57 million dollar atrofidagi mablag‘lar kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ishsiz fuqarolarga bir martalik to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturlarini kengaytirish uchun sarflanadi.

«Men shifokorlarga, hamshiralarga va bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashning boshida turganlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. O‘zlarini xavf ostiga qo‘yib, ular boshqalarning hayotini saqlab qolishmoqda. Keling, uyda qolib, shaxsiy gigiyena qoidalariga, ijtimoiy masofalanishga va karantin choralariga rioya qilgan holda, ularga kasbiy burchlarini bajarishda yordam beraylik», deya ta’kidladi Xideki Mori.