Koronavirus: Bugungacha dunyodagi vaziyat
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan ma’lumotga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘ylab 24 martning ikkinchi yarmi holatiga 370 (23 mart holatiga – 292 mingdan oshiq) mingdan oshib ketdi.
AQShning Jons Xopkins universiteti bergan ma’lumotlarga qaraganda, 25 mart ertalabki holat bo‘yicha, dunyo bo‘ylab kasallanganlar soni 422 mingga yetgan, ulardan 108.5 ming nafari sog‘aygan.
Qayd etilgan kasallanganlar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. U yerda 81591 nafar kasallangan qayd etilgan. Ikkinchi o‘rinda – Italiya 69176 (24 mart holtiga – 63927) nafar kasallangan. Uchinchi o‘rinda AQSh - 55148 nafar kasallangan. Koronavirus oqibatida eng ko‘p vafot etganlar soni Italiyada qayd etilgan – 6820 nafar bemor (24 mart holatiga 6077 bemor), ikkinchi o‘rinda Xitoy - 3281 nafar bemor (24 mart holatga - 3277 bemor) va uchinchi o‘rinda Ispaniya – 2992 nafar bemor (24 mart holatiga - 2182 bemor).
Koronavirus oqibatida vafot etganlar soni dunyo bo‘yicha 18557 nafarga yetdi (Jons Xopkins universiteti ma’lumoti).
Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Rossiya Federatsiyasida kasallik yuqtirganlar soni 495 kishini tashkil etmoqda, ulardan 290 nafari Moskvada qayd etilgan.
So‘nggi kecha-kunduzda dunyo bo‘ylab 40 mingga yaqin yangi kasallanganlar aniqlandi, deb xabar berdi JSST.
Italiya hukumati karantin tartibini buzgan fuqarolarga nisbatan jarima qiymatini oshirdi. Tartibni buzganlarga 400 yevrodan 3 ming yevrogacha jarima joriy etiladi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakat iqtisodiyotini qutqarib qolish uchun amerikaliklardan ishlariga qaytishlarini so‘radi. “Biz ishga qaytishimiz kerak. Gripp tufayli minglab odamlar nobud bo‘ladi. Biz avtohalokatlar tufayli yanada ko‘proq odam yo‘qotamiz. Shu bilan birga biz avto ishlab chiqaruvchilardan avtomobil ishlab chiqarmasliklarini so‘ramaymizku?!”.