Koronavirus tufayli Xitoy ichkarisida ahvol qanday? Virusni davolaydigan kasalxona deyarli qurib bitkazildi
Koronavirus tarqalgan Xitoy ichkarisida ahvol qanday? Aholining kundalik hayoti, global xavfning xuruji, mavjud vaziyat haqida ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgan O‘zA muxbiri Sherzod Isayev xabar qiladi.
Hozirgi kunda Xitoyda koronavirusni yuqtirgan insonlar soni 9 700 dan ortdi. Kasallikni yuqtirgan, deb taxmin qilinayotganlar 15 238 nafar, 176 nafar fuqaro esa ushbu kasallikdan tuzalgan. Virusni yuqtirish oqibatida 213 nafar inson halok bo‘lgan.
Mazkur virusning tarqalish tezligi ham kundan-kun ortib bormoqda. Bu esa nafaqat Xitoy hukumati, balki butun jahon hamjamiyatini tashvishga solayotir.
Butun Xitoy bo‘ylab koronavirus infeksiyasi avj olayotgan bir paytda hukumat uning tarqalish darajasini pasaytirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Virus tarqalishi oqibatida avvaliga mamlakatda joriy etilgan favqulodda holat global epidemiya darajasiga yetdi. Aholisining ko‘pligi jihatidan birinchi o‘rinda turadigan mamlakat ko‘chalarida odamlar harakati sustlashgan.
Hukumat fuqarolarni zarur bo‘lmagan holatlarda ko‘chaga chiqmaslikka chaqirgan. Ko‘chaga chiqishdan avval antiseptik vositalar, maxsus tibbiy qo‘lqoplar va niqoblardan foydalanishlari tavsiya etilmoqda.
Xususan, mamlakat aholisi o‘rtasida niqob taqish tizimi joriy etilgan bo‘lib, ko‘chalarda niqobsiz yurish taqiqlandi. Jamoat joylariga kirishdan avval har bir fuqaroning tana harorati o‘lchanadi. Nazoratdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, virusning mamlakat bo‘ylab tarqalish sur’atini pasaytirish va kasallangan bemorlarni davolash uchun Uxan shahrida ikkita shifoxona qurilishi ishlari boshlangan. Har biri 1 000 o‘ringa mo‘ljallangan “Xuoshenshan“ va “Leyshenshan“ kasalxonalari 3 fevral kuni foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Bino Pekindagi Syaotanshan shifoxonasi namunasi bo‘yicha barpo etilmoqda. Xitoy poytaxtidagi shifoxona atigi 7 kun ichida qurilgan.