Koronavirus yuqish xavfi yuqori bo‘lgan atrofimizdagi “qaynoq nuqtalar”
Bugun ko‘pchiligimiz uchun koronavirus infeksiyasidan himoyalanish masalasi dolzarb. Harakatlar cheklangan va uy sharoitida ham kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan “qaynoq nuqtalar” bor. Atrofimizdagi qaysi joylar epidemiologik nuqtai nazardan eng xavfli hisoblanadi va o‘zimizni infeksiyadan qanday himoyalash haqida AiF.ru ga tibbiyot fanlari nomzodi, otorinolaringolog Vladimir Zaysev quyidagilarni aytib berdi.
Bugun hamma o‘z-o‘zini izolyasiya qilishi, uyda o‘tirishi infeksiya zanjirini uzishda va tarqalishining oldini olishda juda muhim. Ammo uyda bo‘lsak-da, ehtiyoj sabab do‘konga, chiqindi tashlashga, ayrimlarimiz uy hayvonlarini sayr qildirishga chiqamiz. Shu vaqtda virusning konsentratsiyasi ko‘proq bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylar mavjudligini yoddan chiqarmasligimiz, o‘zimizni ehtiyot qilishimiz kerak.
Chiqindi tashlash uchun ko‘chaga chiqqanda
Virus zarralari bir muddat sirtda va changda saqlanadi. Shuning uchun chiqindini olib tashlaganingizdan so‘ng, qo‘lingizni yaxshilab yuvishingiz va dezinfeksiya vositalaridan foydalanishingiz kerak.
Uy hayvonlarini sayrga olib chiqqanda
Itlar va uy hayvonlari bilan yurganda kasallikni yuqtirish xavfi biroz ko‘proq. Birinchidan, ularni olib chiqqanda zinapoya va eshik tutqichlariga qo‘llari bilan tez-tez tegishi mumkin. Ikkinchidan it viruslarni panjalariga yopishtirishi mumkin. Agar virus zarralari asfaltdagi changda bo‘lsa, nafaqat koronavirus balki boshqa kasalliklarni ham yuqtirishi ehtimoli bor.
Uyga qaytgandan so‘ng dastlab qo‘lingizni sanitar vositalar bilan tozalab, itingizni yaxshilab yuvintiring, ayniqsa, panjalarini. Shundan so‘ng qo‘lingizni ham sovun va suvda yuving.
Yoqilg‘i quyish shoxobchasida
Ko‘pchilik karantinda bo‘lishiga qaramay, ayrim korxonalar faoliyatini to‘xtatgan emas. Shu sababli maxsus ruxsatnomaga ega avtoomobillar harakatlanayapti va albatta, ular yoqilg‘i quyish shoxobchasidan foydalanyapti.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan mashinangizni yonilg‘i bilan to‘ldirgach, pulni kassaga to‘lagach, qo‘llaringizni antiseptik vositalar bilan tozalang. Iloji boricha, ishchilari bor yonilg‘i shoxobchalaridan foydalaning.
Savdo do‘konlari
Savdo do‘konlari eng ko‘p odamlar tashrif buyuradigan maskan. Ularning barchasi ham belgilangan me’yorlarga, masofani saqlashga, talablarga rioya qilmaydi.
Infeksiya xavfini kamaytirish uchun do‘konga niqob bilan kirish, savat olishda qo‘llarni antiseptik vosita bilan tozalash lozim. Uzoq saqlanadigan va qadoqlangan mahsulotlarga e’tibor qarating.
Bugungi kunda iloji boricha mahsulotlar ro‘yxatini tuzib olib, xaridni tez amalga oshirishga harakat qilish lozim. Iloji boricha bir matoraba xarid qilganda bir necha kunga yetadigan mahsulotlarni xarid qilish maqsadga muvofiq. Xaridga erkaklar borgani yaxshiroq. Chunki ular ko‘p yuk ko‘taradi. Bir martalik paketlardan foydalanishda ham iloji boricha gigiyena qoidalarga rioya qiling.
Dorixonalar
Infeksiya yuqtirish xavfi yuqori joylargan biri dorixonalar. Birinchidan, bu yerga aksariyat salomatligida shikoyati bor odamlar kiradi. Ular o‘zlari bilmagan holda turli kasalliklar tashuvchisi hamdir. Ayrimlar dorixona xodimidan tibbiy maslahat so‘raydi va uzoq navbat hosil bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Aksariyat dorixonalarning savdo joyi kichik. Bu yerda masofani saqlash qiyin.
Shuning uchun o‘zingizni himoya qilish uchun dorixonaga borganda niqob bilan birga burun bo‘shlig‘iga antiviral malhamlardan foydalaning. Dorixonaga barcha oladigan dorilaringiz ro‘yxati bilan boring. Shunda odam ko‘p to‘planib qolishi oldi olinadi. Iloji bo‘lsa, odam kam bo‘lgan holatda dorixonaga kiring. Kam odam – infeksiya xavfi kam degani. Kirganda va chiqqanda, albatta qo‘lingizni antiseptik vosita bilan tozalang.
Oddiy gigiyena qoidalariga e’tiborli bo‘lish, tashqariga chiqqanda ehtiyot choralariga rioya qilish o‘zingizni va yaqinlaringiz salomatligini asrashda juda muhim.