Koronavirusning yangi “AY.4.2” shtammining yurtimizga kirib kelishi va aholi orasida tarqalish xavfi bormi?

Bu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov javob berdi.

— COVID-19ning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan SARS-CoV-2 virusi vaqt o‘tishi bilan yangilanib, atrof-muhitga moslashib bormoqda, - dedi N.Otabekov. - Uning yangi shtammlari SARS-CoV-2ning mutatsiyaga uchrashi oqibatida paydo bo‘ladi. Ya’ni, virus o‘zini saqlab qolish uchun qayta-qayta yangilanishga urinyapti.

Aslida tabiatda uchraydigan barcha viruslar o‘zgaruvchanlikka moyil. Ba’zi tadqiqotchilar SARS-CoV-2ning 5000 tadan 7000 tagacha bo‘lgan mutatsiyaga uchragan shakli borligini da’vo qilishadi.

Shu paytgacha odam organizmiga moslashishga urinish natijasida koronavirusning ba’zi bir shtammlari paydo bo‘lganini dunyo olimlarining fikrlari isbotlab turibdi. Virus shtammlarining o‘ziga xosligiga qarab “alfa”, “betta”, “gamma”, “yota”, “lyambda”, “delta”, “delta plyus” kabi shtammlari alohida ajratilgan.

Biz viruslarning u yoki bu turi aniqlangan joyga qarab ham nom berib kelyapmiz. Masalan, “britancha” shtamm deb nomlaganimiz, aslida "alfa" shtammi, “afrikancha” deb ataganimiz "betta" shtammidir. "Delta" shtammi Hindistonda aniqlangan bo‘lib, hozir so‘z yuritayotganimiz "AY.4.2" shtammi ham Hindistonda aniqlangani ta’kidlanmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham koronavirusning ko‘plab shtammlari orasidan yuqoridagilarni anchayin xavfli, deb e’tirof etib, ularga e’tiborli bo‘lish shartligini ta’kidlab kelmoqda.

Unutmaslik kerakki, dunyoda paydo bo‘lgan viruslarning yashash uchun kurashi tabiiy jarayon. Oramizda “Menga virus yuqmaydi”, “Men o‘tgan yili kasallanganman”, "Endi kasal bo‘lmayman", deb yurganlar yangi, kuchli, odam organizmiga moslashgan shtammlarga yo‘liqishi ehtimoli bor.

Yangi shtammlarga qarshi kurashish haqida gapirsak, dunyo olimlari tomonidan yaratilayotgan vaksinalar virus shtammlarining asosida turgan SARS-CoV-2ga qarshi ishlaydi. Virus mutatsiyaga uchragan taqdirda ham vaksinaning himoyalovchi xususiyati saqlanib qoladi.

Koronavirusning qaysi shtammiga qarshi kurashishdan qat’i nazar, ommaviy immunitet shakllantirilsa, kasallikni yengib o‘tish mumkin. Eng asosiysi, bizda virusga qarshi asosiy qurol bo‘lgan vaksinalarning bir necha turlari zaxirasi shakllantirilgan. Shunday ekan, aholi birdamlik bilan vaksinatsiya jarayonlariga e’tiborli bo‘lish lozim.