Ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar uchun qarzdorlik ortyapti(mi?)
Keyingi vaqtlarda e’tiborning susayishi yoki boshqa sabab bilan yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlarni amalga oshirishda sansalorlik kuzatilmoqda. Oqibatda katta miqdorda qarzdorliklar yuzaga kelmoqda.
Xususan, ayni paytda Samarqand tumanida elektr energiyasidan 64,4 milliard, tabiiy gazdan 46,1 milliard, ichimlik suvidan 297 million va maishiy chiqindilardan 478 million so‘m debitor qarzdorlik mavjud.
Xo‘sh, bu qadar katta miqdordagi qarzdorlik qanday paydo bo‘ldi? Uni bartaraf qilish uchun nima ishlar qilinmoqda? Shu kabi savollarga javoban Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi axborot xizmati quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi:
Tumanning 1-sektori hududidagi mahallalarda yetkazib berilgan elektr energiyasi bo‘yicha 8,3 milliard so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. Qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha tasdiqlangan reja-grafikka asosan avgust oyida 1,4 milliard so‘m undirilishi belgilangan. Biroq amalda 768 million so‘m undirilib, topshiriq ijrosi 54 foizga bajarilgan.
Tuman prokurori nazoratidagi 20 ta mahallada esa 18,4 milliard so‘m debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha 2,6 milliard so‘m reja-topshiriq belgilangan. Amalda esa 1,5 milliard so‘m yoki reja 55 foizga bajarilgan.
Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i rahbarlik qiladigan 3-sektorda 7,7 milliard so‘m debitor qarzdorlikdan 1,6 milliard so‘mini undirish belgilangan. Biroq 818 million so‘m debitor qarzdorlik undirilgan.
Shuningdek, 4-sektorda 8,3 milliard so‘m debitor qarzdorlikdan 1,4 milliard so‘mini undirish reja-topshirig‘i berilgan. Topshiriqning 52 foizi uddalangan, ya’ni 732 million so‘m debitor qarz mablag‘lari to‘langan.
Asossiz qarz ham oz emas
Avgust oyida iste’mol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlar to‘liq undirilgan. Lekin xatlov jarayonida bir qator holatlar ham aniqlanganki, bu tizimda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar bisyor ekanligi ko‘rsatib turibdi.
Xususan, o‘rganishlar davomida reja grafigiga berilgan 64,4 milliard so‘mlik debitor qarzdorlik bo‘yicha ta’minot korxonasining “Elektrhisob” dasturidan iste’molchilar ro‘yxati shakllantirilganda 25,2 milliard so‘mlik asossiz, ya’ni ushbu qarzdorliklarning aynan qaysi iste’molchilardan undirish lozimligi imkoniyati yo‘qligi aniqlangan.
Shuningdek, avgust oyida elektr energiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov davomida jami 3,6 milliard so‘mlik noreal va asossiz qarzdorlik aniqlanib, tegishli tartibda xatlov dalolatnomalari rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, 706 nafar iste’molchining hisoblagichlari zamonaviylariga almashtirilgan. Ammo transformatorlarga konsentrator uskunasi o‘rnatilmagan hamda dasturiy mahsulga bog‘lanmagan. Oqibatda ushbu iste’molchilar qancha elektr energiyasi iste’mol qilganligi to‘g‘risida avtomatik tarzda ma’lumot olish imkoniyati yaratilmagan. O‘rganishlar davomida ushbu kamchiliklar ishchi guruh tomonidan bartaraf etilganligi natijasida 2,5 milliard so‘mlik qarzdorliklar qisqartirilgan.
Aniq qarz so‘zsiz undiriladi
Joriy yilning avgust oyida elektr energiyasidan foydalanib, 372,2 million so‘m qarz bo‘lgan 782 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga talabnomalar yuborilib, 239 million so‘m miqdorda mablag‘ undirilgan.
Bundan tashqari, 32 nafar iste’molchi 49,2 million so‘m qarzdorligini o‘z vaqtida bartaraf etmaganligi uchun tarmoqdan ajratilgan.
Ulgurji iste’molchilardan 683 nafarining 2,1 milliard so‘mlik qarzdorligi bo‘yicha bank hisob raqamlariga inkassa topshiriqnomalari kiritilgan.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganligi sababli 28 nafar huquqbuzarlardan ma’muriy jarima undirish haqida qaror qabul qilingan.