Kosmosda ham kutubxona bor: Kutubxonalar haqida g‘aroyib faktlar

🔹 Birinchi kutubxona juda uzoq vaqt oldin, miloddan avvalgi III ming yillikning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Shumer qirolligi ostida yaratilgan ko‘plab gil (loy) lavhalardan iborat ombor zamonaviy Iroq hududida topilgan.

🔹 Ilgarilari kutubxonalardagi nihoyatda qimmat hisoblangan qo‘lda yozilgan kitoblar o‘g‘irlab ketilmasligi uchun zanjir va qulflar bilan bog‘lanib qo‘yilgan. Matbaa ixtirosi bilan vaziyat o‘zgardi. Aynan shundan so‘ng ilgari faqat joyida o‘qish mumkin bo‘lgan kitoblar qo‘lga berila boshlandi.

🔹 AQShda joylashgan dunyodagi eng katta Kongress kutubxonasida taxminan 155 million nusxa kitob saqlanadi va har yili o‘rtacha 1,7 millionga yaqin tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi. Endilikda undagi barcha kitoblar raqamlashtirilib, mualliflik huquqini buzmaydigan tarzda kutubxonaning veb-saytida nashr etilmoqda.                                                                                                    

🔹 Olimlarning fikricha, dunyo kutubxonalarida 130 millionga yaqin turli xil asarlar saqlanadi. Bu yerda faqat asarlar nazarda tutilgan, chunki kitoblar sonini sanab chiqish juda mushkul. Ular bir necha trilliondan ham ko‘p bo‘lsa kerak, chunki katta kutubxonalarda hisob millionlab, kichiklarida esa o‘n minglab kitoblar soniga to‘g‘ri keladi.

🔹 Ba’zi mamlakatlarda, masalan Irlandiya va Buyuk Britaniyada kitoblarini joylashtirish uchun mualliflarning o‘zlari kutubxonaga pul to‘laydi. Norvegiyada esa har qanday kitob nashr etilganda hukumat keyinchalik butun mamlakat bo‘ylab jamoat kutubxonalariga tarqatish maqsadida kitobning 1000 nusxasi uchun mablag‘ to‘lab beradi.

🔹 Ko‘p joylarda “kitobsevar”lar kechiktirib qaytarilgan kitoblar uchun vaqt o‘tishi bilan ortib boradigan jarimaga tortiladi. Ehtimol, shuning uchundir Finlyandiyaning Vantaa shahri kutubxonasida qiziqarli voqea yuz berdi: u yerda yuz yildan ko‘proq vaqt oldin olingan kitob anonim tarzda tashlab ketildi.

🔹 Hatto kosmosda ham kutubxonalar mavjud. Xalqaro kosmik stansiyadagi bu kutubxonada qog‘oz changi bortdagi havo filtrlash tizimini to‘sib qo‘ymasligi uchun qog‘oz o‘rniga maxsus yupqa plastmassada bosilgan yuzdan ziyod kitoblar bor.                             

B.Muhammadiyeva tayyorladi.