Kredit tarixi bizga qanday qulaylik yaratadi?
2020 yil 12 mayda Prezidentimizning “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Ushbu farmonda bank tizimida raqobatni kuchaytirish maqsadida kreditlashni bozor munosabatlari asosida tashkil etish, bank sektorida davlat hissasini kamaytirish va boshqa kredit tashkilotlarini yaratish, 6 ta bankni xalqaro moliya institutlari yordamida xususiylashtirish rejalashtirilgan.
Xo‘sh, bunda qanday ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi?
Bank tizimi islohoti davrida investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ishlab chiqiladi. Nodavlat banklar hissasi hozirgi 15 foizdan 2025 yilgacha 60 foizgacha yetkaziladi, nodavlat kredit tashkilotlarining hissasi esa hozirgi 0,35 foizdan 4 foizgacha ko‘tariladi.
Hozirda O‘zbekiston ijtimoiy yo‘nalishdagi bozor munosabatlarini ko‘proq shakllantirib bormoqda. Qolaversa, o‘tgan yili mamlakatimizda 4,2 milliard dollar miqdorida xorijiy sarmoya jalb etildi va investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetkazildi, ishlab chiqarish hajmi ancha kengaydi. Natijada, 2019 yilda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish 2018 yilga nisbattan 5,6 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport ulushi 28 foizga ko‘paydi. Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini olib, jahon moliya bozorida 1 milliard AQSh dollarlik obligatsiyalarni joylashtirdi va kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi. Davlatimizning to‘lov qobiliyati A.M. Best, Dun & Broadstreet, Standard & Poor’s, Moody’s va Fitch Ratings reyting agentliklari tomonidan ham e’tirof etildi.
Jumladan, dunyoda nufuzli bo‘lgan Fitch Ratings reyting agentligi O‘zbekistonning suveren reytingini “VV” (barqaror) darajasida saqlab qoldi.
Joriy yil esa bank tizimida raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali yangi bank mahsulotlari tatbiq etiladi va 1 iyulgacha kredit tarixi axborot tizimi ishga tushiriladi. Bu bilan kredit tarixi byurolari soni oshiriladi, ular yanada yuqori saviyaga ko‘tariladi, keyingi qadamda esa kredit iste’molchisining tarixi yaxshilanadi.
Kredit tarixi o‘zi nima?
Misol uchun, bir loyiha uchun mablag‘ ajratildi. Uni bir xil sharoitga ega bir nechta mijozdan qay biriga berish kerak? Bu savolga javob berish uchun har bir jismoniy va yuridik shaxs uchun kredit tarixini yaratish lozim. Kredit tarixini yaratishdan maqsad iste’molchining qarz olish qobiliyatini yaxshilash, raqobat muhitini kuchaytirish asosida kreditga egalik qilish imkoniyatini oshirishdir. Shu bilan birga kreditorga iste’molchi qarzini qaytarib berish, qarzni to‘lab berish hisoboti, to‘lov qobiliyati kabi ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Iste’molchining kredit tarixi qarz hisobining miqdori, soni, har-bir hisobning ochilgan sanasi, qarzdorlik, kreditning ishlatilishi, qarzlarning to‘lanishi, kredit beruvchilarning oxirgi surishtiruvlari soni va hokazo. Kredit tarixida iste’molchining bankrotligi, sud qarorlari va majburiy to‘lovlar kabi ma’lumotlarni ham aks ettirib boradi. Kreditor iste’molchi to‘g‘risida barcha ma’lumotga ega bo‘lganda mijozning kredit riski aniqlanadi va shunga qarab kreditning yillik foiz stavkasini belgilaydi.
Odatda kreditorlar iste’molchining kredit to‘lash qobiliyatini skoringga qarab baholaydilar. Mamlakatimizda ham kredit tarixini qo‘llashda kredit skoringiga yondashish zarur. Chunki ipoteka kreditorlari va kompaniyalar, kredit beruvchilar, har bir iste’molchini kredit skoringiga qarab, qarz berish yoki bermaslik borasida xulosa qiladi. Kredit tarixidagi ma’lumotlar asosida kredit skoringi yoki FICO ballari hisoblanadi. Masalan, FICO ballari AQSh, Kanada va Meksikada keng qo‘llanilib, u 300 dan 850 balgacha baholanadi.
FICO shkalasi bo‘yicha 100 ballik kredit reytingini hisoblashda;
- 35 foiz to‘lovlar tarixi. Salbiy ma’lumotlar reytingini pasaytiradi.
- 30 foiz qarzdorlik koeffitsiyenti. Bu ko‘rsatkich qarzning umumiy kreditga nisbati bilan hisoblanadi.
- 15 foiz fayldagi vaqt. Iste’molchining kredit hisobotlari qancha ko‘p yillik tarixga ega bo‘lsa, u shuncha barqarordir. O‘rtacha vaqt har bir kredit hisobotini ochish va yopish davri bilan hisoblanadi.
- 10 foiz akkauntlarning xilma-xilligi (kreditni cho‘zish, ipoteka, avtokredit kartalari va boshqalar)ni iste’molchi tomonidan qoplanib borishi.
- 10 foiz yangi kreditni qidirish. Odatda kreditorlar tomonidan iste’molchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nazarda tutiladi.
Ushbu muammoni nazariy va amaliy jihatdan o‘rganib, har bir jismoniy va yuridik shaxsning kredit tarixini yurituvchi xolisona agentlik ochish zarur. Yuridik shaxsning to‘lov qobiliyatini maxsus saytda ochiq e’lon qilib shaffofligini ta’minlash kerak. Shunga qarab xaridor o‘sha kompaniyaning aksiyasini sotib oladi yoki qaytarib beradi.
Iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoitida kredit reytingi va kredit tarixini joriy etish kreditorlar va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatni osonlashtiradi, shaffoflikni ta’minlab, moliya munosabatlarining samaradorligi oshishiga olib keladi.
Axtam NIZAMOV,
SamDU iqtisodiyot va biznes fakulteti dotsenti.
Akmal SOBIROV,
“Buyuk Kelajak” XNNT eksperti, Jonson va Uels universiteti (AQSh) magistri.