Kundalik: Masofaviy ta’limda talabalar hayotidan bir kun
Karantin sabab Samarqand iqtisodiyot va servis institutida 2020 yil 1 apreldan boshlab talabalar uchun masofaviy ta’lim asosida o‘qish tashkil qilindi.
Mana qariyb ikki oy davomida onlayn ravishda masofaviy ta’lim platformasi Moodle LMS tizimi asosida professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda.
Ushbu davr mobaynida o‘qituvchilar istitutning dasturchi-muhandislari yordamida elektron ta’lim platformasidan foydalanishni o‘rganishdi. Fanlarning elektron o‘quv resurslari ta’lim platformasiga joylashtirib borildi. Har kun o‘qituvchilar Moodle LMS tizimi orqali o‘ziga biriktirilgan fanlarga kirib, o‘quv resurslarga yangi ma’lumotlarni, oraliq, yakuniy nazorat savollarni biriktirib, vebinarlar o‘tkazib, talabalar tomonidan bajarilgan amaliy vazifalarini tekshirib, baholab bormoqda.
Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari oliy ta’lim muassasalariprofessor-o‘qituvchilari uchun yaratilgan masofaviy kurslarda “Ingliz tili”, “Masofaviy ta’limni tashkil etish texnologiyalari” kurslarini o‘tib, malakalarini oshirib bormoqda.
Institutda tahsil olayotgan talabalardan muloqotning yangi shakli haqidagi taassurotlari va o‘zini yakkalash hayot tarzida bo‘sh vaqtlarini qanday to‘ldirayotganliklari haqida so‘radim.
Sojida Qobulova, servis va turizm fakulteti talabasi:
- Bilasizmi, dastlab men masofaviy o‘qishga o‘tish zarurligiga shubha bilan qaragan edim. Qanday qilib ertalab institutga bormasdan, uyda o‘qish mumkin? Ammo bir haftadan keyin muammolar kamayib, asta-sekin ushbu tartibga o‘tdim. Men telefonda moodle mobil ilovasini yuklab, tizimga kirib fanlardan berilgan vazifalarni bajara boshladim. Ammo ba’zi qiyinchiliklar mavjud, ayrim hollarda fan mavzularini tushunmayman. Lekin o‘qituvchilar bizga ma’lumotlarni iloji boricha aniqroq yetkazishga harakat qiladi. Agar talabalar uchun biron bir narsa tushunarsiz bo‘lsa, ular Zoom, Skype yoki elektron pochta orqali savollarimizga javob berishadi.
Yaroslav Stroyev, iqtisodiyot fakulteti talabasi:
- O‘zini yakkalash sharoitida ham o‘z hayotimni turli xil tadbirlar bilan to‘ldirishga harakat qilyapman. O‘tgan oydan buyon fanlardan bo‘ladigan olimpiadalarga puxta tayyorgarlik ko‘rdim. Shuning uchun har kuni fanlardan berilgan amaliy mashg‘ulotlarni, testlarni imkon darajasida bajarishga kirishdim. Qoida tariqasida ertalab taxminan bir soat sport bilan shug‘ullanaman.
Odatda kechqurunlari vaqtimni do‘stlarim bilan videokonferensiya orqali muloqot qilishga bag‘ishlayman. Maslahatim, vaqtingiz va hattoki, xohishingiz bo‘lmagan narsaga e’tibor bering.
Dangasa bo‘lmang, mavjud vaziyatni o‘zingizning foydangizga yo‘naltirishga harakat qiling!
Sardor Jo‘rayev, bank-moliya xizmatlari fakulteti talabasi:
- Bu yangi tajriba bo‘lib, unda ishtirok etish juda qiziq. Ayrim kunlar Moodle LMS tizimiga kirib, fanlardan mavzularni o‘zlashtirishni boshlashdan besh daqiqa oldin uyg‘onganimda kulgili holatlar ro‘y beradi, tizza bilan zinadan pastga tushib, tishlarimni yuvishga zo‘rg‘a ulguraman.
O‘qituvchilar bilan Zoom dasturi orqali darslarni muhokama qilamiz, ba’zan orqa fonda ota-onamiz biz bilan birga ma’ruzalarni tinglaydi va ular ham juda qiziqish bildirishadi. Lekin institutda do‘stlar qurshovida, auditoriyalarda o‘qituvchilarning bizga dars o‘tishi baribir boshqacha.
Uyda bo‘sh vaqt biroz ko‘proq bo‘lganligi uchun men to‘xtamaslikka va o‘z ustimda ishlashga harakat qilaman. Ota-onamga ham ma’nan, ham jismonan yordam berib, gullarni sug‘oraman, ekinlarni ekaman.
Madina IBRAGIMOVA,
Samarqand iqtisodiyot va servis institut o‘qituvchisi.