Kuzgi daraxt ko‘chatlari ekishga kirishildi, xayrli ishdan chetda qolmang!
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi tadbirlarning 2022 yil kuz va 2023 yil bahorgi ko‘chat ekish ishlari boshlandi.
Viloyatimizda bu mavsumda 16388 ming tup, viloyat iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish yo‘l xaritasi belgilab olindi va shunga yetarli miqdorda ko‘chatlar zaxirasi shakllantirildi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun 27 turdagi turli xil manzarali, mevali daraxt va butalar ko‘chatlari tanlab olindi.
E’tiborlisi, bu yil “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi tadbirlarni ilmiy asoslangan holda tashkil etish maqsadida respublika miqyosida ekspertlar guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tarkibida esa o‘rmonchi, ekolog, dendrolog, tuproqshunos, entomolog, fitopatolog kabi olim-mutaxassislardan tashkil topgan guruh shakllantirildi. Bu guruhlarga mamlakatimizdagi 10 dan ziyod ilmiy va oliy ta’lim muassalarida faoliyat yuritayotgan 80 ga yaqin olim va mutaxassislar ham jalb qilindi.
Respublikamizning har bir tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda tavsiya etiladigan daraxt-buta turlari, mevali ekinlar tur va navlarini ta’rifi, agrotexnikasi, kasallik-zararkunandalariga qarshi kurashni o‘z ichiga olgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ilmiy tavsiyalar Davlat ekologiya qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan olimlar guruhidan tahrirdan o‘tkazilgandan so‘ng har bir viloyatga elektron va chop etilgan holda yetkaziladi. Shu bilan birga, hududlar kesimida mavsumiy ishlaydigan soha olimlaridan iborat “Amaliy yordam berish va monitoring qilish guruhi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Jumladan, viloyatimizda olim va mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhi ham shakllantirildi va tasdiqlandi. Mazkur ekspert guruhlari tomonidan joylarda ko‘rgazmali seminarlar tashkil etiladi.
Shu o‘rinda bir gap. Havo tarkibining o‘zgarishi, ya’ni uning ifloslanishi nafaqat insonga, balki barcha tirik jonzotlarga salbiy ta’sir ko‘rasatadi. Atmosferani toza saqlash esa bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Atmosferani tozalaydigan, bizga qayta havo ishlab chiqarib beradigan tabiiy imkoniyatlardan biri, kislorod ishlab chiqaruvchi eng qulay va zararsiz vosita esa, shubhasiz, o‘simlik va daraxtlardir. Demak, mevali va manzarali daraxtlarni ko‘paytirish, bog‘-rog‘lar yaratish oldimizda turgan zarur ishlardan biri. Bu xayrli ishdan chetda qolmaylik!
Baxtiyor Abdullayev,
O‘zbekiston ekologik partiyasi viloyat tashkiloti rahbari, viloyat Kengashi deputati.