Lo‘li qizdan qarzim bor

illyustrativ foto

Birinchi holat:
Ish yuzasidan Qorasuv massiviga boradigan bo‘ldim. Sherigim bilan ertalab 07:30 da Ibn Sino ko‘chasidagi stadion yonida uchrashishga kelishdik.
Men odatimga ko‘ra, belgilangan vaqtdan bir oz oldinroq aytilgan manzilga yetib borib, avtomashinamni yo‘l chetiga to‘xtatdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, yon eshik oynasi taqilladi. Qarasam, xushbichim kiyimli, soch-soqoli taralgan, 50 yoshlar atrofidagi erkak. Oynani tushirib, salomlashgach, maqsadini so‘radim:

—  Labbay, amaki. Biron xizmat bormi?

—  Shu desang, ukam, men Toyloqda turaman. Shahardagi bolnitsada yangang yotibdi. Ko‘rgani kelgandim. Cho‘ntakda ikki ming so‘m pul qoldi, – deb ikkita ming so‘mlikni ko‘rsatdi. - Uyga yetib olishimga 5 ming so‘m yetmayapti. Bir savob ish qil, ko‘chada qolmay.

Aynan shu kuni o‘zim bilan naqd pul olmaganimni qarang. Xijolat bo‘lib, mashinaning u-bu joyini kovlab, arang 5 ming so‘m to‘pladim. Amakidan “barakatop”ni eshitib, xotirjam bo‘ldim.

Ammo ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘sha amaki mendan keyin to‘xtagan mashina haydovchilariga ham ikkita ming so‘mligini ko‘rsatyapti. Uchta avtomashina oynasidan pul uzatilganini ko‘rdim. Kayfiyatim buzildi. Pulimga achinmadim, odamiylik yo‘qolib borayotganiga kuyindim.

Ikkinchi holat:

Hamshaharlarimiz tilida GUM, deya ataladigan savdo majmuasi yonidagi avtoturargohga kelib to‘xtadim. Mashinadan tushishim bilan 8-9 yoshlar chamasidagi lo‘li qiz kichikroq ukasini qo‘lidan sudragancha oldimga yugurib keldi. Ana, yana boshlandi, dedim ichimda, uning pul tama qilishini kutib.

—  Amaki, balonlarizni qoraytirib beraymi? – deya savol berdi lo‘li qiz kutilmaganda.

Undan buni kutmaganligimdanmi yoki “sadaqa qiling”, deb suykalishni boshlaganda jerkib berishga tayyorlanganligim sabablimi, negaligini aniq bilmayman: “Kerak emas”, deb baqirib yuboribman.

U lom-lim, demay ukasini chetga tortib, menga yo‘l berdi.

Shaxdam qadamlarim sekin astalashdi. O‘n qadamlar chamasi yurgach, qilmishimdan qattiq uyalib, to‘xtadim. Ortga burilib, ularni qo‘lim bilan o‘zim tarafga chorladim.

—  Balonlarni qanday qoraytirmoqchisan? – deya savol bergan bo‘ldim, qilgan qo‘polligim uchun uzr so‘rashni or bilib.

—  Artib chiqaman, yap-yangidek bo‘ladi, amaki.

—  Menda kutib o‘tirishga vaqt yo‘q. Sen balonlarni artib tur, do‘konga kirib bir narsa olamanda, tez chiqaman.

—  Yo‘q, uyga ketishimiz kerak, kech bo‘ldi. Siz pulini berib qo‘ying. Atigi 3 ming so‘m bo‘ladi. Men ishimni qilib ketaveraman.

Bu gapdan keyin menda yana o‘sha ishonchsizlik kayfiyati uyg‘ondi. Pulni olib juftakni rostlaydi, degan xayolga bordim. “Unaqa bo‘lsa, kelisholmadik”, deb do‘konga qarab ketdim.

Do‘konda savdo qizidi, anchagacha qolib ketibman. Ishim bitib, tashqariga chiqib qarasam, mashinamning balonlari yap-yangidek, yaltirab turibdi. Lo‘li qizaloq esa yo‘q.

Xoh ishoning, xoh ishonmang, ularni qidirib GUMning atrofini aylanib chiqdim. Mashinaga o‘tirgach ham ancha vaqt kalitni buray olmadim, kutdim.

Bu voqea uch oy oldin sodir bo‘lgan edi. O‘shandan buyon har gal GUMning oldidan o‘tganimda to‘xtab, atrofga qarayman, nigohim nasibasi menda qolib ketgan lo‘li qizaloq va uning ukasini izlaydi. Kuni kelib, men ularni albatta, topaman va nodonligim uchun uzr so‘rayman. Toki, odamiylik o‘lmasin...

Asqar BAROTOV.