Tilanchiga qancha sadaqa berish kerak?

Xiyobonda kitob mutolaa qilayotgan edim. Yoshi yigirmalarda chamasi bir qiz kelib, pul so‘ray boshladi. Ko‘rinishidan nochor, yordamga muhtojdek ko‘rindi. Unga rahmim kelib besh yuz so‘m uzatdim.

- Ustimdan kulyapsizmi? - qizning koshlari chimirildi - ko‘rinishidan hokim deb o‘ylaysan bergan pulinichi.

Juda noqulay holga tushdim. Bir jahlim chiqsa, bir kulgim kelardi. Tilanchi qiz bergan pulimdan norozi bo‘lib nari ketdi.

Bugun shahrimizda tilanchilik bilan shug‘ullayotganlar, halol mehnat qilmasdan oson pul topishni kasb qilganlar tobora avj olmoqda.  

Siyob bozori va Bibixonim masjidi atrofida tilanchilarning xuddi talonchilardek pul talab qiladigan toifasi bor. Ularning dastidan ko‘chadan o‘tib bo‘lmaydi. Ular pul bermaganingga qo‘ymay, ortingdan sudralib kelaveradi, bu ham yetmagandek, kir qo‘llarini kiyimingizga surtaveradi. Jirkanganingizdan qanday qilib pul berib yuborganingizni bilmay qolasiz. Afsuski, bunday noxush manzaralar har kuni xorijlik sayyohlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda.

Yaqinda tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi. O‘zbekistonda tilanchilik bilan shug‘ullanish qonunan taqiqlandi. Ammo, Samarqand shahrida vaziyat hozircha o‘zgargani yo‘q. Qonun kuchga kirmayaptimi yoki azaldan halol mehnat qilmasdan tilanchilik kasbi bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslarga bu qonun tegishli emasmi? Ichki ishlar tizimi mutasaddilari bunga nima deydi?

Turg‘unboy Xidirov.