Tojikistonda bolalar o‘rtasida tilanchilik va daydilik ko‘paymoqda
Tojikistonda bugun voyaga yetmagan bolalarning tilanchilik qilishi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Tilanchilik qilib yurgan bolalarni mamlakatning barcha aholi gavjum hududlarida uchratish mumkin. Oxirgi yillarda IIV hatto mamlakat bo‘ylab ota-onalarga bolalarini tilanchilikka chiqarmasliklarini so‘rab tez-tez murojat qiladigan ham bo‘ldi.
"Men har kun tilanib 50 somoni yig‘aman va uni olib kelib oyimga beraman. Oyim uni ijara uchun to‘laydi. Men ko‘chama-ko‘cha yurmayman, asosan chorrahalarda, svetoforlar oldida turaman. Svetoforning qizil chirog‘i yonib, mashinalar to‘xtaganda haydovchi amakilardan pul so‘rayman" deb hikoya qiladi tilanchilik qilib yuradigan bir qizcha. Uning ismi Nozanin. U ijara uyda onasi, opasi va akasi bilan birga yashaydi.
Nozanin 9 yoshda bo‘lishiga qaramay maktabga bormaydi. Uning talaffuzida ozgina nuqsoni bor. Gapirganda so‘zlarni qiynalib sekin talaffuz qiladi.
"Aka va opam tilanchilik qilishmaydi. Ular maktabda o‘qishadi", deydi u.
Biz u bilan suhbatlashganimizda u izolyatorda o‘tirganining ikkinchi kuni edi. U onasi kelib olib ketishini kutardi.
Tojikistonda Nozaninday tilanchilik qilib yurgan bolalar oz emas. Ular aksariyati tilanchilikka og‘ir hayot majbur qilganini va noilojlikdan non topish uchun tilanchilik qilib yurganini aytadi.
Lekin, shunchaki o‘z uyida yashashni xohlamay, daydib, tilanchilik qilib yurganlari ham ko‘p.
16 yoshli o‘smir bola bilan suhbatlashganimizda u o‘zining ismini aytishni xohlamadi.
Uni yarim kechada Dushanbe shahridagi ko‘chalardan biridagi chorrahada tilanchilik qilayotganida militsiya xodimlari ushlab kelishgan.
O‘smir Rog‘un shahridan ekan.
O‘zining aytishicha u Rog‘undan Dushanbeni tomosha qilish uchun kelgan va adashib qolgan. Shundan so‘ng qorin to‘ydirish va uyga qaytish yo‘lkirasi uchun tilangan. U Rog‘undagi maktablardan birida 11-sinfda o‘qiydi va Dushanbeda tanishlari yo‘q ekan.
Militsiya xodimlarining aytishlaricha, har kuni bu yerdagi bolalarni olib ketgani turli ota-onalar kelishadi. Shunda xodimlar ota-onalarga o‘z bolalariga e’tiborliroq bo‘lishni so‘rashadi.
Ammo, bolalarning, ayniqsa o‘smir yoshdagilarning ma’lum qilishlaricha ko‘pincha ota-onalari ularni "ishlab pul topib kel" deb o‘zlari uydan chiqarib yuborishadi.
Tojikiston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning to‘rt oyi davomida mamlakat bo‘ylab ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani uchun 6696 nafar bola bo‘linmalarga ushlab kelingan.
IIV voyaga yetmaganlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Abdusattor Fattohzodaning aytishicha, shu o‘tgan to‘rt oy ichida militsiya xodimlari mamlakat bo‘ylab umumiy 2188 ta reyd o‘tkazishgan.
Reydlar davomida 1936 o‘smir daydib yurgani uchun, 298 ta bola tilanchilik qilib yurgani uchun, 235 tasi bozorlar va turli bazalarda og‘ir yuk tashib, ko‘tarib, og‘ir ishlarda ishlab yurgani uchun, to‘rtta voyaga yetmagan o‘smir qiz fohishalik qilib yurgani uchun, o‘ndan oshiq o‘smir esa spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda yurgani uchun bo‘limlarga olib kelingan.
Dushanbe shahridagi voyaga yetmaganlarni vaqtincha qabul qilish va tarqatish bo‘limi boshlig‘i Bahodur Hamrohzodaning aytishicha mamlakatda ko‘plab voyaga yetmagan daydi va tilanchi bolalarning bo‘lishi bu ogohlantiruv qo‘ng‘irog‘idir.
"To‘rt oy mobaynida birgina Dushanbe shahrining o‘zida 149 nafar ko‘chalarda daydib yoki tilanchilik qilib yurgan bolalar bo‘limimizga ushlab kelindi. Ularni avvaliga ota-onalari qidirib kelguncha ushlaymiz va ota-onalariga topshiramiz. Hech kim so‘rab kelmaganlarini esa manzillarini olib xabar yuboramiz.