“O‘g‘irlagan” mahsulotimizning pulini berib keldik”
“Lo‘li qizdan qarzim bor” hikoyasini o‘qib...
“Lo‘li qizdan qarzim bor” sarlavhali hayotiy hikoya Zarnews.uz sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingach, juda ko‘plab o‘quvchilar unga o‘z munosabatini bildirishdi. Ularning orasida xuddi shu kabi holatga tushganlari yoki hikoyadan ta’sirlanib, avvalroq yo‘l qo‘ygan xatolarini to‘g‘irlaganlari ham bor ekan. Quyida ulardan bir nechtasini sizning e’tiboringizga havola etishni lozim topdim.
Samira:
— Ukam bilan Siyob dehqon bozoriga bordik. Avtoturargohda ikki nafar bolacha kelib, “Mashinaning balonlarini yuvib beraylik”, deb holu jonimizga qo‘yishmadi. Ukam ularni haydab yubordi. Bozor darvozasiga yaqinlashganimizda esa o‘sha bolalarning kichikrog‘i yugurib kelib, yengimdan tortdi. Ukam jahl bilan “Nima gap?”, deb baqirgan edi, bola bechora: “Amaki, bitta eshigingiz yopilmay qolibdi”, deydi. Avtoturargohga yugurib ketdik. Qarasak, ikkinchi bola mashinamizni qo‘riqlab o‘tiribdi. Uning ichida hujjatlarimiz va 5 million so‘m pul bor edi. Barchasi joyida ekan. Ukam qilmishidan qattiq pushaymon bo‘ldi. Ularning har biriga 10 ming so‘mdan suyunchi puli berib, rahmat aytdik.
Amir:
— Haqiqatdan ham keyingi vaqtlar Samarqand shahrining ko‘chalarida zamonaviy “tilanchilar”, aniqrog‘i, tovlamachilar ko‘payib ketdi. Ustu boshi sizu biznikidan yaxshi, to‘rt muchasi sog‘lom erkagu ayollar turli hiyla va nayranglar bilan odamlardan pul undirishmoqda. Bularning dastidan haqiqiy muhtojlarni firibgarlardan ajratolmay qoldik. Hech kimning puli oshib-toshib yotgani yo‘q. Ular: “Bolam kasal. Doriga yetmayapti”, deb mo‘ltillab turganidan keyin qambag‘al odam ham o‘zining bolalari rizqidan kesib biron so‘m beradi-da. Mikrorayonda bittasining shunaqa hikoyasiga ishonib, pul berdim. Chetroqqa o‘tib, kuzatib tursam, u “bechora” do‘kondan bir pachka sigaret oldi. Bundaylarni tilanchi, deb bo‘lmaydi, jamiyatimiz yuzidagi dog‘, tovlamachi ular.
Saodat:
— Insonlar borki, ishi bitishi uchun o‘zidan “balandroqda” turgan har qanday odamga xushomad qilib, qolganlarga fitnayu bo‘htonlar qilib, boylik to‘plashadi. Go‘yoki, dunyo shu bugundan iboratu, ularning boshidagi “toji” abadiy. Yana insonlar borki, umrida ko‘rmagan va tanimagan odamlariga yaxshilik qilishadi. Shundaylar ko‘payaversin oramizda. Har qanday amaldan oldin vijdonimiz bilan hisoblashishni unutmaylik. Odamiylik o‘lmasin!
Shukrona:
— 2 yoshli qizimni yetaklab do‘konga kirdim. Ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotlarni olayotgan vaqtimda qizim har narsaga teginib, xarxasha qilaverdi. Shunda uning qo‘liga xarid qilishimiz kerak bo‘lgan tish pastasini berib qo‘ydim. Lekin hisob-kitob vaqtida uni sotuvchiga ko‘rsatish yodimdan chiqibdi. Xarid chekini olib, cho‘ntakka solayotgan vaqtimda qizimning qo‘lidagi “o‘yinchoq”ni ko‘rdim, ammo negadir indamadim. Vijdonning azobi vaqt o‘tishi bilan kuchayar ekan. Shundan keyin har gal o‘sha do‘konning yonidan o‘tganimda o‘zimni o‘g‘ridek his qila boshladim. “Lo‘li qiz” hikoyasi qat’iy qarorga kelishimga yordam berdi. Kecha qizim ikkalamiz “o‘g‘irlagan” mahsulotimiz pulini berib keldik. Endi xotirjamman.
(O‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun matn hajmi qisqartirib berilmoqda.)
Asqar BAROTOV.