Talonchi tilanchilarga chora ko‘rildi. Samarqand shahridagi holat yuzasidan viloyat IIB munosabat bildirdi

2020 yilning 4 fevral kuni Zarnews.uz telegram kanalida davomiyligi 17 soniyalik “Tilanchilar endi talonchilikka o‘tdimi? Qonunchilikda tilanchilikni ta’qiqlovchi normalar belgilangan. Biroq qonun ijrosini kim ta’minlaydi? Nazorat organlari qayerga qarayapti?” deyilgan videolavha tarqaldi.

Mazkur holat Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ushbu tasvirdagi holat Samarqand shahar Alisher Navoyi ko‘chasida ro‘y bergan bo‘lib, ikki nafar voyaga yetmagan qizlar, ko‘chada o‘tib ketayotgan qizning qo‘lida bo‘lgan narsani olib qo‘ymoqchi bo‘lganligi tasvirlangan.

Bugungi kunda Samarqand viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash, ularning faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida doimiy ravishda reyd tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan joriy yilning 1 fevral kunidan 4 fevral kuniga qadar 62 nafar tilanchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar ichki ishlar bo‘limlariga keltirilib, qonuniy choralar ko‘rilgan.

Mazkur video tasvirdagi holatni sodir qilgan shaxslarni qidirib topish yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu holat 2011 yilda tug‘ilgan E.I. tomonidan sodir qilinganligi, voyaga yetmagan shaxsni tilanchilik qilishga Samarqand shahar Yelezarova ko‘chasida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan M.X. jalb etganligi aniqlanib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

***

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 yanvar kunidagi O‘RQ-514-son Qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga «Tilanchilik qilish», degan yangi moddalar kiritilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 188-3-moddasi. Tilanchilik qilish.

Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek, ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, bekatlarda, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros ob’yektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek, shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish - bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 1271-moddasi. Tilanchilik qilish

Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek, ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, bekatlarda, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros ob’yektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek, shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab;

v) boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa — uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.