Lyubinko Drulovich: Ertaga biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz va Saudiyadan yaxshiroq ekanimizni isbotlashimiz kerak
Osiyo chempionati-U23 yarim finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan avval har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qatnashgan O‘zbekiston bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich jamoasi Saudiyadan kuchliroq ekanini isbotlashi kerakligini aytdi, deydi Tribuna.uz
«Bizni kuchli jamoaga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Raqib tezkor futbolchilarga ega jismoniy jihatdan yaxshi jamoa. Biz raqibdan bir kun kamroq dam olyapmiz, ammo shifokor bilan gaplashganimda u futbolchilarning holati yaxshi ekanini aytdi. Bizda hammasi joyida.
O‘tgan o‘yin natija yirik bo‘lsa ham biz uchun oson kechmadi. Men futbolchilarimning darajasiga ishonaman. Ular o‘zlarining eng yaxshi holatiga chiqib borishmoqda. Shu o‘rinda ertaga unchalik ko‘p gol bo‘lmasligini taxmin qilish mumkin.
Doim bir xil futbolchilarning asosiy tarkibda o‘ynayotgani imkoniyatlarimizni pasaytirmaydi deb o‘ylayman. Ertaga imkoniyatlar teng. Olimpiadaga chiqmasak nima bo‘ladi? Men hozir faqat yaxshi narsalar haqida o‘ylayapman. Ha, futbol qiziq o‘yin, unda ko‘p narsalarni his qilish mumkin. Ammo men hozir ertaga Saudiya bilan yaxshi o‘ynash haqidagina o‘ylayapman, xolos. Biz O‘zbekiston uchun tarix yaratish arafasida turibmiz.
Milliy jamoaning Saudiyaga mag‘lub bo‘lganini futbolchilarga aytdimmi? Yo‘q. Ertaga asosiysi biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz va Saudiyadan yaxshiroq ekanimizni isbotlashimiz kerak».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni jamoalari o‘rtasidagi yarimfinal o‘yini ertaga, 22 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 15:15 da «Rajamangala» stadionida o‘tkaziladi.