Mahalla raislari joylarda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlariga tomoshabin bo‘lib turmasligi kerak

Viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga xizmatda foydalanish uchun qo‘llanma

Viloyat hokimining 2019 yil 18 oktyabrda “Samarqand viloyatida bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ob’yektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish, qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan keyingi yillarda viloyatda, ayniqsa, Samarqand shahri va Samarqand tumanida ko‘plab qurilish ob’yektlarini o‘rnatilgan tartibda, tegishli idoralar bilan kelishmasdan turib rekonstruksiya qilish, qayta ixtisoslashtirish, ruxsat beruvchi hujjatlarsiz qo‘shimcha qavatlar qurib olish holatlari kuzatilgani tanqid ostiga olingan.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlarga muvofiq bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish, ob’yektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma berish, qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha kelishish yoki ruxsat berish ishlarini amalga oshirish birgina shahar (tuman) qurilish bo‘limi arxitektori tomonidan ob’yekt joyiga chiqib o‘rganilmasdan, biror bir hujjat rasmiylashtirilmasdan, nomigagina amalga oshirilib kelinmoqda.

Bu borada shahar, tuman hokimliklari bilan hamkorlik o‘rnatilmagan.

Shundan kelib chiqib, mahalla raislari quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishlari lozim:

bino va inshootlarning loyiha eskizini kelishmasdan turib, bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish;

ob’yektni ruxsatnomasiz qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish;

foydalanishga qabul qilish dalolatnomasisiz ob’yektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

Viloyat hokimining qarori bilan viloyat hududida bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ob’yektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish bo‘yicha vakolatli organlarga ko‘maklashuvchi ishchi guruh tuzildi.

Ishchi guruh tarkibiga quyidagilar kiritildi:

- shahar (tuman) hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;

- shahar (tuman) qurilish bo‘limi boshlig‘i - tuman arxitektori (vakolatli organ);

- shahar (tuman) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi rahbari;

- “Yermulkkdastr” davlat korxonasi shahar (tuman) filiali rahbari;

- viloyat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi boshqarmasining hududiy bo‘linmasi rahbari;

- viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasining hududiy bo‘linmasi rahbari.

- O‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari (tegishliligi bo‘yicha).

Quyidagilar, ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilandi:

bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish yuzasidan so‘rovnomalar bo‘yicha;

joyiga borib, bino va inshoot maqsadidan kelib chiqqan holda bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish imkoniyatini o‘rganib chiqish;

butun bino va inshootni yoki ularning qismlari va ularga biriktirilgan yer uchastkasini, shuningdek, ularga tutash hudud va ular yaqinidagi bino va inshootlarni vizual ko‘rikdan (zarurat bo‘lganda maxsus uskunalar va asboblardan foydalangan holda) o‘tkazish;

bino va inshootlarni ko‘zdan kechirish, ariza beruvchi so‘rovnomasida, shuningdek, bino va inshootning devorlari, kesimi (mavjud bo‘lsa), fasad rejalari va kadastr pasporti nusxalaridagi ma’lumotlarni bino va inshootlarning hozirgi holatiga, bino va inshootlar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishmasdan, shuningdek, vakolatli organ bilan kelishilgan bino va inshootlar fasadining eskiz loyihasidan chetga chiqqan holda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish holatini aniqlash yuzasidan taqqoslashni amalga oshirish;

ob’yektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnomalar berish yuzasidan so‘rovnomalar bo‘yicha:

ob’yektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish;

butun bino va inshootni yoki ularning qismlari va ularga biriktirilgan yer uchastkasini, shuningdek, ularga tutash hudud hamda bino va inshootlarni vizual ko‘rikdan (zarurat bo‘lganda, maxsus uskunalar va asboblardan foydalangan holda) o‘tkazish;

bino va inshoot o‘zboshimchalik bilan qurilganini (loyiha-smeta hujjatlarini kelishmasdan va tegishli tartibda ekspertizadan o‘tkazmasdan turib qurilganini, ob’yektning loyiha-smeta hujjatlaridan chetga chiqqan holda hamda shaharsozlik normalari va qoidalarini buzgan holda qurish va rekonstruksiya qilingani) aniqlash maqsadida bino va inshootni tekshiruvdan o‘tkazish hamda ariza beruvchi so‘rovnomasida, shuningdek, bino va inshootning devorlari rejasi, kesimi (mavjud bo‘lsa), fasad va kadastr pasporti nusxasida berilgan ma’lumotlarni bino va inshootning haqiqiy holati bilan taqqoslashni amalga oshirish;

o‘rganish natijalari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirib (ob’yektni kamida ikki tomondan o‘rab turgan ob’yektlar bilan fotosurati (15x20 sm) ilova qilinadi), vakolatli organlarga taqdim etish.

Mazkur dalolatnoma vakolatli organlar tomonidan ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etishda inobatga olinishi ta’minlanadi.

Viloyat mahallalar kengashi.