Mahalliy ko‘mir narxi o‘zgarmadi. Qozog‘istonniki biroz qimmatlagan
Amaldagi tartibga muvofiq, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda kuz-qish mavsumi uchun aholi ko‘mir mahsuloti bilan uzluksiz ravishda ta’minlanadi.
Buning uchun tuman hokimliklari tomonidan tasdiqlangan aholini ko‘mir bilan ta’minlashga oid jadval mahalla fuqarolar yig‘iniga yetkaziladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini kelib tushgan arizalarga muvofiq ko‘mirni sotib olish bo‘yicha reyestrni shakllantiradi, ko‘mir omborlaridan olib kelinishini tashkil qiladi.
- Bugungi kunda viloyatimizda ko‘mir tushirish, aholi va boshqa iste’molchilarga sotish borasida 8 ta ombor faoliyat olib bormoqda, - deydi Samarqand viloyat “Ko‘mirta’minot” MChJ raisi Sayfiddin Jumanov. - Bundan tashqari, Qo‘shrabot tumanida Jo‘sh ota va Qo‘ralos, Urgut tumanida Jarqishloq va Bunyodkor ko‘mir shoxobchalarida tayyor mahsulot, ya’ni ko‘mir briketini sotish xizmati ko‘rsatiladi.
Ayni paytda yetkazib berilayotgan ko‘mir narxida o‘tgan yilgi narx saqlanib qolgan Ma’lumot uchun aytish mumkinki, 1 tonna ko‘mir narxi 300 ming 300 so‘m, 1 tonna ko‘mir briketi narxi 412 ming 500 so‘m etib belgilangan.
Shu paytgacha viloyat aholisiga 11 ming 171 tonna tonna ko‘mir, 1 ming 432 tonna ko‘mir briketi sotildi. 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 80 ming tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 5 ming tonnaga ko‘p.
Qozog‘istondan import qilinayotgan ko‘mir mahsuloti sifat jihatdan birmuncha yaxshiligi va import mahsulot sifatida kirib kelayotganligi sababli narxi qimmatroq. Ushbu ko‘mir o‘tgan yili hukumat qaroriga muvofiq, 1 tonnasi 635 ming so‘m narxda sotilgan. Bu yil hozircha Qozog‘istondan ko‘mir import qilingani yo‘q, lekin buyurtma berganmiz. Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan ko‘mirning 1 tonnasi 780 ming so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
Shu o‘rnida qayd qilish lozimki, joylarda aksariyat hollarda qoplangan holda sotilayotgan ko‘mir tadbirkorlar tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan. Shu bois, ular belgilayotgan narx omborlar orqali sotilayotgan ko‘mir narxidan birmuncha farq qilishi mumkin.
Mutasaddining aytishicha, bugungi kunda ayrim tadbirkorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma qilib Qozog‘istondan ham ko‘mir import qilib, uning savdosini yo‘lga qo‘ygan.
Yo.Gadoyev.