Mahkumlikdan qaytgan toyloqlik ayol qismati: "Jinoyat olamidagi turli toifadagi insonlar bilan birga yashash oson kechmadi..."

Ularning biri samolyotdan tushishi bilan zaminga peshonasini tekkizdi, yana birining ko‘zlaridan yosh chiqdi. Ular samolyotdan tushgan oddiy yo‘lovchilar emas. Urush o‘chog‘idan aldanib, adashib tushib qolgan hayotning bor zarbalarini ko‘rib, qiynoq dunyosidan kelayotir ular. U yerda kundalik turmush tashvishlari bilan o‘ralashib yurish onlarini sog‘ingan onalar, sho‘xliklari beg‘ubor bo‘lgan onlarini baxtiyor o‘tashni istayotgan bolalar bor. Ular qaytdi. Orzu qilish qiyin bo‘lgan hodisa amalga oshdi - ular Vataniga qaytdi. 156 nafar ayollar va bolalarning Suriyadan O‘zbekistonga qaytarilishi nafaqat qaytayotganlar, balki keng jamoatchilik uchun ham kutilmagan voqea bo‘ldi. Kimningdir ko‘nglida umid, boshqa birovning ko‘nglida hadik paydo bo‘ldi, hatto.

"Barcha musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida fuqarolarimizni qutqarish bo‘yicha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan gumanitar missiya O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, maxsus xizmatlari va boshqa idoralarning muvofiqlashtirilgan harakatlari samarasidir. Turli sabablarga ko‘ra begona yurtlarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizga ularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasida ekanliklarini, davlat ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni qo‘llashini ma’lum qilishni muhim, deb hisoblaymiz". Bu voqea haqida shunday xabar berildi ommaviy axborot  vositalarida.

Insonparvarlik, kechirimlilik, bag‘rikenglik… Bu so‘zlarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Men bu onalar, bolalar qanday sharoitda yashaganidan xabarim yo‘q, ularning boshidan nimalar o‘tganini bilmayman. Ammo ularning urush o‘chog‘idan kelayotganining o‘zi ko‘p ma’noni beradi. Uni bo‘rttirib tasvirlash niyatidan yiroqman. Faqat yaqinda diniy ekstremizm oqimiga qo‘shilib qolgan, deya sudlanib, olti yil davomida jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lib qaytgan ayol bilan suhbatlashganimdagi fikrlar yodimga keldi. Ayol afv etilganlar safida o‘z uyiga qaytgan kundalik hayot tarzini davom ettirayotgan edi, ko‘zlari porlab turibdi, tilida shukrona.

- Mahkumlikdagi yillar davomida farzandimning so‘zlari, uning meni intiq kutgani dalda bo‘lib turdi, menga, - deydi Toyloq tumanidan Shahnoza. - O‘sha yoqdagi (jazoni ijro etish muassasasi) ilk oylar edi, o‘g‘lim bilan ko‘rishishga ruxsat berishdi. O‘shanda u hali go‘dakkina, bor-yo‘g‘i o‘n yoshda edi. "Oyijon, dunyodagi eng chiroyli ona sizsiz!", Bu so‘zlar menga kuch berdi, u yerdagi hayotimga mazmun bag‘ishladi.

- Kuch berdi, deyapsiz. Demak, u yerdagi hayot sizdan juda kuchli bo‘lishni taqozo qilgan

- Albatta. Yaqinlaringdan uzoqda, umuman, ozodlikdan mahrumlikda yashash insonni ko‘p narsadan mosuvo qiladi. Qolaversa, jinoyat olamidagi turli toifadagi insonlar bilan birga yashash, bunga ko‘nikish oson kechmaydi, kishidan mustahkam iroda, kuch talab etadi.

- Ayol kishi uchun ikki karra og‘irroq bo‘lsa kerak.

- Ha, shunday. Ayniqsa, uyingda aka-opalaring senga ishonib yurgan ota-onang bo‘lsa, uyoq naq jahannamga aylanadi. Qamalganimning birinchi yillari juda og‘ir kechgandi. Aka, opalarimning hayotiga ham ta’sir qilgandi bu hatto. Fotiha qilinib, to‘yi bo‘lishi kerak bo‘lgan qarindosh qizlardan kuyovlar yuz burib ketdi, yaqinlarim bilan muomala qilishda qo‘ni-qo‘shnilar ehtiyot bo‘lib qolishdi. Akalarimning yuzi shuvut bo‘ldi men uchun. Bundan og‘iri bo‘lmasa kerak.

- Fikringizni ifodalashingizga qaraganda qaysidir sohada ishlaganga o‘xshaysiz? Qanday qilib?..

- Ha, oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lganman. Avval turmush o‘rtog‘im jazoga tortildi, keyin men…

- U yoqda o‘zingizni asrab qolishingiz uchun qanday yo‘l tutdingiz?

- Bilasizmi, inson har qanday sharoitda o‘zligini asrab qolish mumkin. Dunyoqarashi, fikrlash doirasiga qarab odamlar o‘z-o‘zidan ajralib qolaveradi. U yerda juda yaxshi munosabat, parvarishga guvoh bo‘ldik. Hamma sharoitlar bor, e’tibor ham yomonmas, hatto bayramlarda sovg‘alar tarqatilardi. Lekin bularning birortasi ko‘zimizga ko‘rinmasdi. Uy sog‘inchi, yaqinlaringning diydorini qo‘msash… Mahkumlik insonni boshqa bir kishiga aylantirib qo‘yarkan. Eng qimmat sovg‘alaru, e’tibor ham ko‘zingga ko‘rinmas ekan bunday paytlari. Faqat yaqinlar bilan uchrashuv e’lon qilingandagina mahkumalarning ko‘zlarida quvonch porlardi.

- Ozodlikka chiqqaningizda o‘g‘lingiz kap-katta yigit bo‘lib qolgandir

- Ha, shukur, akam bilan yangam unga o‘z o‘g‘liday mehr berib tarbiyalashibdi. Yaqinlarimdan bir umr minnatdorman. Ular eng qiyin ahvolimda mendan yuz o‘girishmadi, aksincha, dalda bo‘lishdi. Prezidentimizning afv etish haqidagi farmonlarini biz katta quvonch bilan qarshi oldik. Bu kunni qanchalik orziqib kutganimizni o‘zimiz va Alloh biladi.

- Qaytganingizdan so‘ng jamoatchilikning munosabati qanday bo‘ldi?

- To‘g‘risi kutmagandim, ammo kelishim bilan holimdan xabar olishdi, pul mablag‘lari berishdi, muammolar haqida so‘rashdi. Ozodlikdamizku, qo‘l-oyog‘imiz but, muammolarni hal qilib olaveramiz. Turmush o‘rtog‘im qaytib kelgach, hayotimizni davom ettirib, o‘g‘limizni yaxshi tarbiya qilsa, bundan oliy baxt yo‘q.


Mamlakatning o‘zida, yaqinlarini har zamon ko‘rib tursa-da, ularning diydoridan ulug‘roq ne’mat yo‘q deb aytayotgan ayol bilan Suriyadan qaytgan ayollarni beixtiyor qiyosladim. Ularning mungini, dardini his qilganday bo‘ldim. Samolyotdan tushiboq, ona zaminni tavof qilayotgan ayolning holati ayriliqning, sog‘inchning ifodasi deb o‘yladim.

Gulruh MO‘MINOVA.