Maktabda bor gaz, nega xonadonlarda yo‘q...

*Xat tahrirsiz bosilmoqda

Yoshim 70 da. Mahallamizdagi ayrim holatlardan ko‘nglim ranjib sizlarga murojaat qilyapman.

2019 yilda qishlog‘imizdagi 40 ga yaqin xonadon ruxsatnoma olib, tabiiy gaz tarmog‘iga ulandi. O‘sha yili gaz orqali xonadonlarimizni isitdik. 2020 yilning boshidan gaz bosimi kamaydi, noyabr oyining oxirida umuman kelmay qo‘ydi. Tuman gaz idorasining xodimlari noyabr oyining boshida 1000 metr/kub gaz uchun 380 ming so‘mdan yig‘ib ketishgandi. Bu holat aholi orasida Majburiy ijro byurosi gazni nazorat qilmas ekan, degan tushuncha paydo bo‘lishiga hamda xonadonlarda gaz so‘rg‘ichlar qo‘yilishiga sabab bo‘ldi. Buni elektr energiyasi uzilsa gaz bosimi ko‘tarilishidan ham bilish mumkin. Keyinroq elektr energiyasi uzilsa ham gaz kelmay qo‘ydi. Ayrim xonadonlar avtomobil akkumlyatorini ishlatib gaz tortayotgan ekan.

Ammo 26 dekabr kuni kutilmaganda gaz kelib qoldi. Bir kundan keyin yana yo‘qoldi. Sababini keyinroq bildik: qishlog‘imizdagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tranformatorda uzilish bo‘lgan, ertalab elektriklar tuzatishgandan keyin yana gaz so‘rg‘ich ishlagan.

“Zarafshon” gazetasining 2020 yil 19 lekabr 147-sonidagi “Majburiy ijro byurosi nima o‘zgardi, qanday yangiliklar bor” hamda 25 dekabr 150-151-sonlaridagi “Gaz bosimi 30 foizgacha oshirildi, biroq...” maqolalarini o‘qib, sizlarga yozishga majbur bo‘ldim. Maqolada aytilishicha, viloyat bo‘yicha 114 ta gazso‘rg‘ich yechib olingan, ammo bu dengizdan tomchi, xolos. Mahallamizdagi 40 dan ziyod xonadondagi gazso‘rg‘ichlarni kim aniqlab, tartibga soladi?..

Rahmatulla Qorjovov,

Payariq tumani Xosa qishlog‘i.