“Maktabda isitish qozonlari yaxshi ishlamaganligi uchun o‘tin qo‘shib yoqamiz”

Shu yil 20 yanvar kuni zarnews.uz saytida Paxtachi tumani Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Sakson Suvonov tomonidan hududdagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar sovuq xonalarda ta’lim olayotgani haqida “Nevaralarimiz qachon issiq xonalarda ta’lim oladi?” sarlavhali murojaat e’lon qilingan edi.

Ushbu murojaatga 21 yanvarda Paxtachi tuman xalq ta’limi bo‘limining javobi e’lon qilindi. Ammo murojaatchi ushbu javobdan qoniqmaganligini, aslida vaziyat tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari A.Nosirov aytganidek emasligini bildirib, qayta shikoyat qildi. Muxbirimiz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu maktabda bo‘ldi.

Bugungi kunda tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 627 nafar o‘quvchi ikki navbatda tahsil oladi. Bino 2015 yilda qayta qurilgan bo‘lib, 7 ta “Kok-30” isitish qozoni o‘rnatilgan.

Kuz-qish mavsumida ta’lim muassasasi sinfxonalarini isitish maqsadida maktabga 25 tonna ko‘mir ajratilgan. Ammo uning 30-35 foizi qumli aralashma. Kuniga 350-400 kilogramm ko‘mir yoqiladi.

- Maktabimizda 4 nafar mavsumiy o‘t yoquvchi xodim ishlaydi, - deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Yo‘ldoshev. -  Ko‘mirga qo‘shib, o‘tin yoqamiz. Bo‘lmasa qozonlar yaxshi isitmaydi. Ko‘mirimiz 15-20 kunga yetadi, xolos.

Maktabga borganimizda  xonalarda 18-19 daraja issiq haroratni kuzatdik. Ammo murojaatchi ta’kidlaganidek, qozonlar yaxshi o‘rnatilmagani uchun me’yorida isitmaydi. Bu ortiqcha ko‘mir sarfiga sabab bo‘lyapti.

Izzatulla Norquvvatov.