Maktabda o‘quv yili qanday yakunlanadi?
Bugun ushbu savol ko‘pchilikni o‘ylantirayotgani tabiiy.
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, xalq ta’limi tizimidagi tashkilot va muassasalarda 2019-2020 o‘quv yili “online-maktab” loyihasi doirasida tashkil etilgan masofaviy televizion videodarslar orqali yakunlanadi.
Imtihonlarga kelsak, Respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va tegishli davlat tashkilotlari 5–11-sinf o‘quvchilari uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini o‘tkazish yo‘llarini yoki bekor qilish masalasini muhokama qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi maxsus hukumat komissiyasining bu masaladagi qarorini o‘zning rasmiy telegramm (t.me/uzedu) kanali orqali ma’lum qiladi.
Ayni paytga qadar o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida ularning imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rib, o‘z ustida ishlashlari uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmasining telegrammdagi https://t.me/samarqandvxtb rasmiy kanali orqali Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi tomonidan tavsiya etilgan 5–11-sinf o‘quvchilari uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari materiallari joylashtirildi. O‘quvchilarimiz bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari o‘tkazilishi yoki o‘tkazilmasligidan qat’iy nazar bilimini oshirib, o‘z ustida ishlab borsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Fan olimpiadasining viloyat bosqichi o‘tkaziladimi?
Xabaringiz bor, joriy yilning 4-9 yanvar kunlari fan olimpiadasining tuman va shahar bosqichlari o‘tkazilgandi. Olimpiadaning uchinchi, ya’ni viloyat bosqichi mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq karantin tufayli ushbu sinovlar ham qoldirildi. Bu borada bo‘layotgan ko‘plab murojaatlardan kelib chiqqan holda aytishimiz mumkinki, fan olimpiadasining III (viloyat) bosqichini o‘tkazish bo‘yicha barcha tayyorgarliklar ko‘rilgan. Yurtimizda joriy qilingan karantin tartibi bekor qilingach, respublika maxsus komissiyasi tomonidan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ruxsat berilgan taqdirda, olimpiadaning mazkur bosqichi o‘tkazilishi yoki o‘tkazilmasligi mumkin. Olimpiada o‘tkazilishi rejalashtirilsa, o‘tkazish vaqti bo‘yicha yana qo‘shimcha ma’lumot beriladi. Olimpiada o‘tkazilishi vaziyatdan kelib chiqib bekor qilinsa, ishtirokchilarga imtiyozlar berilmaydi.
Bitiruvchilarga qanday imkoniyat va imtiyozlar yaratildi?
2019/2020 o‘quv yilida viloyatimizdagi umumta’lim maktablarining 11-sinflarini 53589 nafar o‘quvchi bitiradi. Ularning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida karantin sharoitidan kelib chiqqan holda Davlat test markazi tomonidan qator imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, markazning test topshiriqlari ochiqligini ta’minlash maqsadida tashkil etgan e-Sinov tizim orqali abituriyentlar har bir fan bo‘yicha bepul “Test topshiriqlari to‘plami 2019” amaliy qo‘llanmalarida nashr etilgan test topshiriqlari to‘plamlaridan shakllantirilgan variantni yechib, o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin. Bundan tashqari, “Ma’rifat” gazetasida ham DTM bilan hamkorlikda aprobatsiyadan o‘tgan test savollarini e’lon qilib borish ko‘zda tutilgan.
O‘qituvchilar ham test topshiradi
Umumta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish maqsadida 2019 yilda tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida DTM bazasi asosida o‘qituvchilar o‘rtasida test sinovi o‘tkazilgan edi. Ushbu test-sinovlari 2020-2021 yillarda barcha hududlarda, shu jumladan, Samarqand viloyatida ham o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bois umumta’lim maktablarining fan o‘qituvchilari yoz mavsumida onlayn tarzda Davlat test markazining e-sinov tizimi orqali o‘z bilimlarini sinab va mustahkamlab borishlari tavsiya etiladi.
Saidahmad Usmonov,
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i